Ayni kunlarda Sloveniyaning Lyublyana shahri velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha «Ljubljana — Domžale — Ljubljana» xalqaro musobaqasiga mezbonlik qilmoqda. Mazkur turnir Tokio olimpiadasiga reyting ochkolarini taqdim qiladi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Musobaqa dasturidagi shaxsiy vaqt sinovi yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan poygada o‘zbekistonlik Olga Zabelinskaya kumush medalni qo‘lga kiritdi. Zabelinskaya belgilangan 21.2 kilometr masofani bosib o‘tish uchun roppa-rosa 27 daqiqa sarfladi.

«Ljubljana — Domžale — Ljubljana». Sloveniya

Shaxsiy vaqt sinovi. Ayollar, 21.2 km.

1. Marlen Ryusse (Shveysariya) — 00:26:34

2. Olga Zabelinskaya (O‘zbekiston) + 26 soniya

3. Vittoriya Bussi (Italiya) + 1:02

Bu muvaffaqiyatdan keyin Zabelinskaya Tokio olimpiadasi reytingi uchun o‘z hisobiga 100 ochkoni qo‘shib qo‘ydi. Eslatib o‘tamiz, Olga Zabelinskaya Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo chempionatining guruh poygasida g‘alaba qozonib, ushbu yo‘nalish bo‘yicha Tokio olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi.