2019 yilning 7 iyun kuni «Tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Farmonga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan:

moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan yoki ustav jamg‘armalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish bo‘yicha doimiy ishlovchi maxsus hududiy komissiyalar tugatildi;

davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan bir yilda ustav fondi shakllantirilmaganligi uchun tadbirkorlarni tugatish tartibi bekor qilindi;

tadbirkorlarni tugatish jarayonidagi ortiqcha hujjatlar qisqartiriladi.

Bundan tashqari, 2020 yil 1 yanvardan boshlab:

tadbirkorlik sub’ektlari — yuridik shaxslarni ixtiyoriy tugatishda:

davriy bosma nashrlarda korxonaning tugatilishi to‘g‘risida e’lonlar berish talab etilmaydi;

davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmagan hamda soliq qarzi mavjud bo‘lmagan korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyati tekshirilmaydi;

tugatiladigan korxonaning moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishning eng uzoq davriyligi uch yilni tashkil etadi;

tekshirish uchun korxona to‘g‘risidagi mavjud ma’lumotlarni olish Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali amalga oshiriladi;

korxonani ixtiyoriy tugatishning umumiy muddati 6 oydan oshmasligi kerak (amaldagi qonunchilikka muvofiq bu muddat 9 oy);

tadbirkorlik sub’ektlari — jismoniy shaxslar faoliyatini to‘xtatishda ariza beruvchidan to‘lovlardan qarzi yo‘qligi to‘g‘risidagi xulosasini olish talab etilmaydi.