Xalq ta’limi vazirligi o‘rganishlar va ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra ota-onalar tomonidan talab yuqori bo‘lgan maktablarga 1-sinfga qabul jarayonida korrupsiya bilan bog‘liq salbiy holatlar mavjud ekanligi aniqlanganini ma’lum qildi.

Ular quyidagilar:

Birinchidan, maktabga biriktirilgan mikrohududdan tashqaridagi bolalarni qabul qilish uchun tanish-bilish qidirish yoki maktab rahbariyatiga noqonuniy to‘lovni amalga oshirish;

Ikkinchidan, 7 yoshga to‘lmagan bolalarni maktablarga joylashtirish uchun tanish-bilish qidirish yoki noqonuniy to‘lovlarni amalga oshirish;

Uchinchidan, maktabda ta’lim tilida o‘qib ketishga ko‘nikmasi yetarli darajada bo‘lmagan bolalarni berishdagi shu kabi salbiy holatlar.

Bu kabi holatlar oqibatida maktablarda tanish-bilishlarning «qo‘ng‘iroq orqali iltimoslari» yoki noqonuniy to‘lovlar natijasida maktab sig‘imiga nisbatan ko‘proq o‘quvchilar qabul qilinishi va sinflarda bolalar soni 40−50 nafargacha oshib ketishi holatlari kuzatilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, mazkur maktablardagi ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, 7 yoshdan kichik yoki ta’lim olib boriladigan tilni bilmaydigan o‘quvchilarga pedagoglarning ko‘proq kuch va e’tibori talab etilayotganligi sababli, boshqa o‘quvchilarning o‘zlashtirishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Eng yomoni, tanish-bilish yoki yuqoridan qo‘ng‘iroq qilib bolasini joylashtirish kabi salbiy holatlar oqibatida, o‘sha mikrohududda yashaydigan aholining farzandlari bunday talab yuqori bo‘lgan maktablarda o‘qish imkoniyatidan mahrum bo‘lib, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Yuqoridagi salbiy holatlarni oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Bolalarni davlat umumta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida» gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, joriy yildan boshlab talab yuqori bo‘lgan maktablarga (hozircha Toshkent shahridagi 81 ta maktablar) qabul Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, ushbu umumta’lim muassasalariga bolalar asosiy va qo‘shimcha kvota asosida qabul qilinadi. Yangi qabul tizimi bosqichma-bosqich boshqa viloyatlarda ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Tuman (shahar) hokimliklari tomonidan umumta’lim muassasalariga biriktirilgan mikrohududda istiqomat qilayotgan fuqarolarning (tegishli yilning 31 dekabriga qadar 7 yoshga to‘ladigan) farzandlari, otasi yoki onasi I guruh nogironi bo‘lgan hamda yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sonini inobatga olgan holda asosiy kvota shakllantiriladi.

Umumta’lim muassasalarining imkoniyatidan kelib chiqib, mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi, mikrohudud va mikrohududdan tashqari maktab yoshiga yetmagan (tegishli yilning 1 sentyabriga qadar 6 yoshga to‘ladigan), shuningdek, umumta’lim muassasalarida ta’lim berish tili bo‘yicha boshlang‘ich bilim (muloqot qilish) ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan bolalar uchun qo‘shimcha kvota ajratiladi.

Davlat xizmatlari markazlari orqali bolalarni umumta’lim muassasalariga (asosiy kvota bo‘yicha) qabul qilish har yili 15 iyundan 31 iyulga qadar, qo‘shimcha kvota bo‘yicha har yili 15 iyundan 31 avgustga qadar amalga oshiriladi.

Qo‘shimcha kvota bo‘yicha umumta’lim muassasalariga qabul qilish uchun bir bolaga nisbatan quyida nazarda tutilgan holatlarning har bir bandi bo‘yicha ota-onalarning ixtiyoriy roziligi asosida eng kam oylik ish haqining o‘n baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda bir martalik yig‘imlar undiriladi:

a) mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi bolalar;

b) mikrohudud va mikrohududdan tashqari maktab yoshiga yetmagan, ya’ni tegishli yilning 1 yanvaridan 31 dekabrga qadar 7 yoshga to‘lmaydigan bolalar;

v) umumta’lim muassasalarida (mikrohudud va mikrohududdan tashqari) ta’lim berish tili bo‘yicha boshlang‘ich bilim (muloqot qilish) ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan bolalar uchun.

Mazkur mablag‘lar maktabdagi sharoitlarni yaxshilash hamda maktab o‘qituvchilari va direktorini rag‘batlantirish uchun yo‘naltiriladi.

Umumta’lim muassasalarining 1-sinfiga qabul jarayonlarini bevosita Kuzatuv kengashi a’zolari tomonidan nazorat qilib borish ko‘zda tutilgan. Jumladan, Kuzatuv kengashi a’zolari maktab mablag‘larini to‘g‘ri sarflanishini nazoratga oladi.