Toshkentda 49 kishining ovqatdan zaharlanishiga sabab bo‘lgan Oqtepa Lavash mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi ochildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda qayd etilishicha, 4−7 iyun kunlari Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi jami 49 nafar fuqaro «ovqatdan toksikoinfeksiya» tashxisi bilan O‘zbekiston SSV EMYUKITI, 2 va 5-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonalariga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvda, ushbu fuqarolar shifoxonaga murojaat qilishidan avval Uchtepa tumani, Lutfiy ko‘chasi, Sergeli tumani, Yangi Qo‘yliq ko‘chasi, 7b-uy hamda Sergeli tumani, Yangi Sergeli ko‘chasi, 21-uyda joylashgan «Oqtepa lavash» («Grand Azia Plus» MCHJ) umumovqatlanish tarmog‘ining uchta shoxobchasida tez tayyorlanuvchi taomlarni («sendvich», «lavash» va «pitssa») iste’mol qilgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan 7 iyun kuni Toshkent shahar prokurori tomonidan «Grand Azia Plus» MCHJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 186-moddasi 4-qismi «b» bandi bilan (Iste’molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish boshqacha og‘ir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lsa) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.