2019-yilning 4-iyun kuni “Aholi punktlarini obodonlashtirish sohasida ishlar samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi obodonlashtirish sohasidagi muammolarni o‘rganish va metodologik ta’minlashga mas’ul organ etib belgilandi.

Qaror bilan 2019 — 2020-yillarda obodonlashtirish sohasida ishlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. “Yo‘l xaritasi” doirasida “Odamlar uchun shahar”, “Yashil shahar”, “Shahar bog‘” modellari qo‘llanilib hududlar obodonlashtiriladi.

2020-yil 1-yanvardan obodonlashtirish xodimlariga bir qator ustamalar to‘lanadi. Jumladan, obodonlashtirish bo‘linmalari xodimlariga ovqatlanish uchun eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida kompensatsiya belgilanadi.

Qarorga muvofiq, “Obod hudud” axborot tizimi ishga tushiriladi.

2020-yil 1-yanvardan shahar ko‘chalarini qurish va ta’mirlashda unga tutash hududlar ham majburiy obodonlashtiriladi.

Toshkent shahrida eksperiment tariqasida jarayonlarni boshqarish va avtomatlashtirishning zamonaviy tizimlari joriy etiladi.

2019-yil 1-oktyabrdan yuridik va jismoniy shaxslar o‘ziga biriktirilgan hududni obodonlashtirish uchun mas’ul hisoblanadi.