O‘zgidromet «Gazeta.uz» iltimosi bilan iyunning birinchi haftasida kuzatilgan surunkali yog‘ingarchiliklar bo‘yicha izoh berdi.

Sinoptiklarning ma’lum qilishicha, respublikaning ayrim hududlarida deyarli har kuni surunkali yomg‘ir va jala yog‘di. Jala vaqtida shamol kuchayib, do‘l yog‘ishi qayd etildi.

Aksariyat hollarda yomg‘irlar qisqa muddat davom etdi, biroq bir necha soatgacha uzaygan vaziyatlar ham bo‘ldi. mamlakatning katta qismida 0,0−7 mm miqdorida yomg‘ir yoqqan bo‘lsa, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarining ayrim tumanlarida 1−3 soat davomida 10 dan 17 mm gacha yog‘ingarchiliklar kuzatildi. Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida va Qamchiq dovoni hududida 5 iyun oqshomi va 6 iyun tunida yog‘ingarchiliklar miqdori 22−32 mm ga yetdi.

Toshkentda ham kuchli yog‘ingarchliklar kuzatildi. 3 iyunda kunning ikkinchi yarmi va 6 iyun kechasi shaharning turli hududlarida kuchli yomg‘ir va do‘l yog‘ishi qayd etildi, shamol tezligi 12−20 m/s ga yetdi.

Shaharning turli qismlarida yoqqan yomg‘ir miqdori quyidagichani tashkil etdi:

  • Oloy bozori hududidagi Toshkent-Observatoriya meteostansiyasi ma’lumotlari bo‘yicha 3 iyun kuni — 21 mm, 6 iyunda — 33 mm;
  • Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroporti hududidagi Toshkent aviameteorologiya stansiyasi ma’lumotlariga ko‘ra 3 iyunda — 42 mm, 6 iyunda — 8 mm;
  • Toshkent teleminorasidagi meteostansiya ma’lumotlariga ko‘ra 3 iyunda — 50 mm, 6 iyunda — 39 mm;
  • Yunusobod tumanidagi Bo‘zsuv agrometeorologiya posti ma’lumotlariga ko‘ra 3 iyunda — 51 mm, 6 iyunda — 38 mm.

1881 yildan buyon davom etib kelayotgan meteorologik kuzatuvlar tarixida sutka davomida 20 mm va undan ortiq miqdorda yomg‘ir yog‘ishi besh yil muqaddam kuzatilgan va Toshkent-Observatoriya meteostansiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘shanda 25 mm dan 36 mm gacha miqdorda yomg‘ir yoqqan. Shunday qilib, joriy yildagi kabi bu qadar kuchli yog‘ingarchiliklar kuzatuvlar tarixida ilk bor qayd etildi.

Iyun oyining birinchi haftasida shahar tumanlarida 50 dan 89 mm gacha miqdorda yomg‘ir yog‘di. Toshkent uchun iyun oyida bir oylik yog‘ingarchiliklar me’yori 14 mm ni tashkil etadi, deya aniqlik kiritdi O‘zgidromet.