O‘z sevgan qizining uyiga sovchilikka borishga ko‘nmagan, to‘g‘rirog‘i qizni o‘zlariga «teng» bilmagan xolaning qilmishi jiyaniga qattiq botdi. U onasini qancha yo‘lga solishga urinmasin, u ham singlisining gapidan chiqmadi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudining Sud amaliyotini tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i Akramjon Aripov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Bir hovlida yashaydigan bu qarindoshlar aytarli bir-birlarining mol-hollaridan boxabar edilar. Onasi va xolasini yo‘lga sola olmagan yigit ulardan boshqacha tarzda o‘ch olmoqchi bo‘ldi. Ammo, ming afsuski, oqibatini o‘ylamadi.

U xolasining uyda yo‘qligidan foydalanib, unga tegishli bo‘lgan temir seyfni yarim tunda hovlining orqa tomoniga olib o‘tadi. Undan shubhalanmasliklari uchun seyfni kalit bilan emas, kuchli temir yordamida ochadi va naqd 50 000 000 so‘mlik tilla buyumlarni olib, ko‘cha boshidagi axlat uyumlari ichiga yashirib ketadi.

Ertalab kirib kelgan xola o‘ziga qarashli seyfning ko‘rinmayotganidan qo‘rqib ketadi va shoshib IIBga xabar beradi. Barcha yaqinlar, jumladan, «o‘g‘ri bola» — Ismat Boirovga ham xabar berishadi. Endigina ish joyiga yetib borgan Ismat yurar-turarini bilmay uyga qaytadi va IIB xodimlarini ko‘rib qo‘rqib ketadi. Asta ortiga qaytib, yashirgan joyidan tillalarni oladiyu xolasining ikkinchi seyfiga, hech kimga sezdirmay solib qo‘yadi. O‘zi esa…

Ichki ishlar xodimlari o‘z aybiga iqror bo‘lib kelgan yigitchaning qilmishini odil sud qo‘liga topshirishadi.

Sud tomonidan qonunning «jazo adolatli bo‘lishi — har bir holatda individual tayinlanishi, jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga, aybdorning shaxsiga, shuningdek, jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarga muvofiq bo‘lishi kerakligi, bunda, qonunga muvofiq, sudlar nafaqat shaxs jinoyat sodir etish vaqtida ko‘zlagan motiv va maqsad, ayb shakli va darajasini, balki aybdorning shaxsi, jinoyat sodir etilish paytidagi yoki sodir etilganidan keyingi hulq-atvori, jinoyatni sodir etish sabablari va bunga olib kelgan shart-sharoitni ham e’tiborgaolishi lozim"ligi haqida talablariga rioya etgan holda Ismat Boirovga ishlagan ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga o‘tkazgan holda uch yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Jahl, g‘azab so‘ziga kirib g‘alati tarzda o‘ch olishni niyat qilgan jiyanning kirdikori aylanib kelib o‘zining sha’niga raxna solib, «sudlangan» tamg‘asini soldi.