O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi 6−6,5 yoshdagi farzandlarini 1-sinfga berish tayyorgarlik ko‘rayotgan ota-onalar nimalarga e’tibor qaratishi kerakligi to‘g‘risida pedagog va psixologlar tavsiyalarni e’lon qildi. Quyidagi ushbu tavsiyalarni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

Aslida maktabga bolalar necha yoshdan chiqishlari lozim? Bola maktabda tahsil olishga tayyormi? Ota-onalarbu kabi savollarni avvalo o‘zlariga berishlari lozim.

Maktabga bolani 6 yoshdan berish kerakmi yoki 7 yoshdan bergan yaxshimi?

Psixolog va pedagoglarning fikrlariga ko‘ra, 6 yoshli bolaning maktabda ta’lim olishi bir oz erta.

Chilonzor tumani 217-maktab psixologi Sanjar Ablakulov so‘zlariga ko‘ra, tibbiy jihatdan sog‘lom bolada maktabga ijtimoiy psixologik tayyorlik darajasi, diqqati, ko‘rish qobiliyati, mantiqiy tafakkuri, kichik qo‘l motorikasi, xotirasi, matematik va fazoviy tasavvurlari, og‘zaki nutqi, ilk o‘quv motivlari shakllangan bo‘lishi kerak. Shuningdek, shakl, element, yozuvlarni xuddi o‘ziday qilib ko‘chirishni bilishi, o‘qib berilgan 10−12 ta so‘zni esda saqlab takrorlashi, rasm asosida mantiqiy hikoya tuza olishi, predmetlarni ko‘p yo ozligi, sonlarning katta-kichikligini, predmetlarni guruhlashtirish, umumlashtirish, taqqoslashni hamda qismlardan butun yasashni bilishi kerak.

«Agar bola berilgan rasm asosida mantiqli hikoya tuza olmasa, o‘qib berilgan so‘zlarni esida saqlab qolmasa va boshqa shu kabilarga tayyor bo‘lmasa, bu bolaning maktabga chiqqan paytida o‘qish va yozishni yaxshi o‘zlashtira olmasligiga, aqliy ishchanligining pasayishiga, o‘qituvchi tomonidan berilgan topshiriqlarni bajarishda qiynalishiga olib keladi. Buning natijasida bolada stress, tajovuzkorlik, injiqlik, uyqusizlik, ishtahaning yo‘qolishi, jismoniy rivojlanishdagi kamchiliklar, bo‘y o‘sishining orqada qolishi, kamqonlik kabi holatlar kuzatilib, bola sog‘lig‘ining yomonlashishiga, hattoki maktabga moslasholmasligiga olib keladi», — dedi u.

Qashqadaryo viloyatidan B.Haydarovaning ta’kidlashicha, maktabning o‘ziga yarasha tartib qoidalari, ta’lim talablari mavjud bo‘lib, maktabga qabul qilingan 6, 7 yoshli bolalar bu talablarga bir xil amal qiladi. O‘quv faoliyatini yaxshi natijalar bilan o‘zlashtirishi, aqliy ishchanlik, tengdoshlari bilan muloqotga kirishishi, maktab tartib-qoidalariga amal qilish kabi holatlarga bola ruhiyati tayyor bo‘lishi kerak.

«1-sinfga borish bola hayotining eng muhim davrlaridan biridir. Ilk o‘quv kunlarida o‘quvchilarning ko‘pchiligida stress holatlari yuzaga kelib, bu davrda ruhiy kechinmalar ustunlik qiladi. Bu ruhiy kechinmalarni yengish boladan kuchli iroda (o‘ziga bo‘lgan ishonch, qat’iyatlilik, yuksak maqsad v.h.)ni talab qiladi. Yuqoridagi jarayonlar bolada yetarli darajada rivojlanmagan bo‘lsa, bu bola ruhiyati va sog‘lig‘iga ta’sir qilib, salbiy oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: shoshilib, bolani stress holatiga tushirish va psixologiyasiga nojo‘ya ta’sir o‘tkazib, 6 yoshdan maktabga berish kerakmi? Bu haqda ota-onalar o‘ylab ko‘rishsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Bolalar maktabga tayyormi?

Bundan tashqari, ota-onalar hozir o‘z farzandlarini yaxshi ta’lim olsin degan niyatda, bolalari rus tilini bilmasa ham, ta’lim rus tilida olib boriladigan sinflarga berishmoqda. Ammo ular farzandlari bunga tayyormi yoki yo‘qligini o‘ylab ko‘rishmayapti.

Hozirgi kunda ko‘p hollarda rus tilini bilmaydigan bolalarni rus sinflariga o‘qishga berishmoqda. Ustiga ustak ota-onalarning o‘zlari ham rus tilida so‘zlasha olmaydilar.

107-maktab boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi N. Annenkova so‘zlariga ko‘ra, natijada bunday o‘quvchilar darsda berilgan ma’lumotlarni o‘zlashtirishga qiynaladi. O‘qituvchilar bunday o‘quvchilarga mavzuni tushuntirish uchun darsda qo‘shimcha vaqt ketkazadi va bu butun sinfning belgilangan dasturdan ortda qolishiga sabab bo‘lmoqda.

«Rus sinfida ta’lim olayotgan o‘quvchilar atrofida ota-onalari, qarindoshlari va do‘stlari rus tilida muomala qilishlari kerak. Hozirda esa rus sinfida tahsil olayotgan o‘quvchilarimiz o‘zbek tilida do‘stlari bilan suhbatlashadi. Bu o‘quvchilar bir ammalab, dasturni o‘zlashtirishlari mumkin, ammo bu ularning so‘z boyliklari kamligiga olib keladi», — dedi Annenkova.

Uzoqda joylashgan maktablarga bolani berish shartmi?

Maktab ta’lim tizimida mikrohudud degan tushuncha mavjud. Ya’ni, o‘quvchilar o‘zlari yashayotgan turar joylaridagi maktabda tahsil olishlari kerak. Lekin ota-onalar farzandim yaxshi bilim olsin, ba’zida «obro‘» (prestij) orqasidan quvib, nomi chiqqan ta’lim muassasalariga bolalarini o‘qishga joylaydi. Bu jarayonda ko‘p hollarda korrupsiya alomatlari ham uchrab turadi.

«Boshlang‘ich sinflar asosan birinchi navbat (smena)da tahsil oladi va ular erta uyg‘onishlari kerak. Ma’lum bir masofani bosib, mikrohudud tashqarisida bo‘lgan ta’lim muassasalariga borishlari kerak. Ular avtomobilda maktabga borsalar ham, birinchi darsga kirgunlariga qadar charchab qolishadi. Darsdan keyin uyga qaytishi kerak, bu ham bolada charchoqni kuchaytiradi», — deydi psixolog Lyubov Malaenko.

«Charchoq yig‘ilib boradi va bola asabiy, qo‘rs va quloqsiz bo‘lishiga olib keladi. Unda maktabga borishga, dars qilishga qiziqish kamayib, diqqati tushib boradi», dedi u.

Albatta, barchamiz farzandlarimizning bilimli va muvaffaqiyatli bo‘lishini istaymiz. Lekin yuqorida qayd etilgan faktlar bolalarning sog‘lig‘ining yomonlashishi, diqqati susayishi va bilim olishga qiziqishi kamayishiga ta’sir etishini, farzandlarimizni ta’lim muassassasiga joylashtirishda hisobga olishingizni so‘raymiz.