O‘zbekistonda yil oxiriga qadar nazoratsiz hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq faoliyatni tanqidiy o‘rganib chiqiladi. Bu prezidentning 4 iyundagi aholi punktlarini obodonlashtirish sohasida ishlar samaradorligini oshirish to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Keyingi yilning fevraliga qadar o‘rganish yakunlari bo‘yicha hukumatga nazoratsiz hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq faoliyatni takomillashtirish to‘g‘risidagi qaror loyihasi kiritilishi lozim.

Hujjatda aholi punktlarida kuchuk va mushuklarni saqlash qoidalari hamda nazoratsiz hayvonlarga nisbatan rahmli bo‘lishni ta’minlaydigan ularni tutish va vaqtincha saqlash qoidalarini takomillashtirish, shu jumladan tutilgan nazoratsiz hayvonlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, ularni identifikatsiyalovchi belgilar (fotosuratlar, birkalar, namunaviy belgilar va boshqalar) ko‘rsatilgan holda joylashtirish uchun umum foydalaniladigan axborot tizimining faoliyat yuritishi yo‘li bilan uy hayvonlari egalarini xabardor qilish chora-tadbirlarini takomillashtirish ko‘zda tutilgan bo‘lishi lozim.

Shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari qoshida nazoratsiz hayvonlarni tutish bo‘yicha bo‘limlarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish dasturi ishlab chiqiladi. Shuningdek, har bir shaharda (tumanda) tutilgan nazoratsiz hayvonlarning jasadlarini zararsizlantirish uchun krematoriylar va biotermik o‘ralar qurish rejalashtirilmoqda.