Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun 14 ta ixtisoslashgan maktab-internatida 2830 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Ularga 823 nafar o‘qituvchi va 606 nafar tarbiyachi ta’lim-tarbiya bermoqda. Ana shunday maktablardan biri — 77-sonli maktab-internati Toshkentning Yashnobod tumanida joylashgan. Bu yerda 360 nafar ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan bolalar umumiy o‘rta ta’lim (1−12-sinflar) olmoqda. Mazkur maktabda ko‘rish bilan bog‘liq nuqsonlari bo‘lgan bolalarning to‘laqonli ta’lim olishlari uchun ko‘plab sharoitlar yaratilgan.

Maktab-internatida ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun 17-sonli musiqa va san’at maktabining milliy cholg‘u asboblari va an’anaviy ijro sinflari o‘qituvchilari ishtirokida Brayl tizimidan foydalangan holda maxsus musiqa mashg‘ulotlari tashkil etilgan. Ayni vaqtda 130 nafar bola an’anaviy musiqa san’ati bo‘yicha o‘z ijodiy qobiliyatini oshirmoqda. Biroq bunday bolalar soni muntazam ravishda qisqarib bormoqda.

Muammo bolalarda musiqaga qiziqishning pasayganida emas, balki ularning ota-onalari mashg‘ulotlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish uchun moliyaviy imkoniyatlarga ega emasligi bilan bog‘liq. Shu boisdan ko‘plab o‘quvchilar mashg‘ulotlardan chetlatilmoqda. Moliya vazirligining «Ota-onalar tomonidan bolalarning bolalar musiqa va san’at maktablarida o‘qishi uchun haq to‘lash va undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qarorining 18-bandiga muvofiq, musiqa va san’at maktablarida o‘quvchilar umumiy sonining 25 foizi doirasida танловларида g‘olib bo‘lgan hamda kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan bolalar hamda yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar to‘lovdan ozod etiladi.

Yuqoridagi qarorni ishlab chiqishda nogironlikning turli shakllari, jumladan ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan bolalarga davlat tomonidan imtiyoz berilishi mumkin bo‘lgan bolalar toifalariga kiritilmagan.

Ayni vaqtda musiqa mashg‘ulotlari uchun o‘quvchilardan bir oyga 152047 so‘m miqdorida (eng kam ish haqining 75 foizi) to‘lov olinadi. Viloyatlar markazlaridagi musiqa maktablarida to‘lov miqdori EKIHning 75 foizini, tuman markazlarida esa EKIHning 30 foizini tashkil etadi. Biroq nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internatlari o‘quvchilariga bunday imtiyozlar berish ko‘zda tutilmagan.

Shunga e’tibor qaratish lozimki, ko‘p hollarda ko‘zi oji yoki zaif ko‘ruvchi bolalarning ota-onalarida ham ko‘rish bo‘yicha nogironlik mavjud bo‘lib, bunday oilalar nogironlik nafaqasi hisobiga kun ko‘radi. 2018 yilning 1 noyabridan bolalikdan nogironligi bo‘lgan kishilarning nafaqasi oyiga 396500 so‘m etib belgilandi.

Agarda nogironligi bo‘lgan ota-ona tegishli ish stajiga ega bo‘lmasa va ishsiz hisoblansa, u o‘zining voyaga yetmagan farzandi bilan bir xil miqdorda pensiya oladi. Bunday oilalarning asosan ovqatlanish, dori vositalari, kommunal xizmatlar va boshqalarga sarf-xarajat qilishlari lozimligini hisobga olsak, mashg‘ulotlar uchun qo‘shimcha to‘lovni amalga oshirish — qiyin masala.

Boshqa tomondan, nogironligi bo‘lmagan ota-onalar ham ko‘p holatlarda ishsiz bo‘ladi, chunki ular asosan nogironligi bo‘lgan farzandini parvarishlash bilan band bo‘ladi. Shu munosabat bilan nogironligi bo‘lgan bolalari bor oilalar ijtimoiy zaif deb hisoblanishi va ular har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi lozim.

Musiqa va san’at bilan shug‘ullanish ko‘rish bilan bog‘liq nuqsoni bo‘lgan bolalarga o‘z ijodiy qobiliyatlarini yuzaga chiqarish va jamiyatda munosib o‘rnini egallashlarida yordam beradi. Mehnat bozorida nogironligi bois kamsitishlarga duch kelishlari hamda ko‘plab yangi ish o‘rinlarining ko‘rishda nuqsoni bo‘lganlarga mos emasligi sababli maktab-internatlarini tamomlagandan so‘ng ularning kasb tanlash imkoniyatlari shusiz ham cheklangan.

2017 yilning yozidan buyon 77-sonli ixtisoslashgan maktab-internatida tahsil olayotgan bolalarning ota-onalari bir necha marta yuqori organlarga hamda prezident virtual qabulxonasiga murojaat qildi. O‘zi ham ko‘rish bo‘yicha I guruh nogironligiga ega ota-onalardan biri A. Otamurodovning so‘zlariga ko‘ra, 2017 yilning avgustdan buyon O‘zbekiston Madaniyat vazirligi musiqa va san’at maktablarida ta’lim olish uchun to‘lov tartiblariga o‘zgartishlar kiritish, nogironligi bo‘lgan bolalarni imtiyozli toifaga kiritishga va’da berib keladi. Biroq hamon hech qanday natija bo‘lgani yo‘q.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish hamda ayollarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha beshta tashabbusni amalga oshirishga katta e’tibor qaratmoqda. Yoshlarda musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga bo‘lgan qiziqishni oshirish birinchi ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun bolalar musiqa va san’at maktablarida qo‘shimcha cholg‘u va vokal sinflari va to‘garaklari tashkil etilmoqda. Shu munosabat bilan ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarni musiqa san’ati mashg‘ulotlariga qamrab olishda yuzaga kelgan moliyaviy to‘siqlarni olib tashlash juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan bolalarning ota-onalari iltimoslari e’tiborsiz qolmasligi hamda ota-onalar tomonidan bolalarning bolalar musiqa va san’at maktablarida o‘qishi uchun haq to‘lash va undan foydalanish tartiblariga o‘zgartishlar kiritilishiga umid qilmoqda. Bunday bolalar va ularning ota-onalariga hech bo‘lmasa oylik to‘lov miqdorini EKIHning 20 foizigacha kamaytirish yoki nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar uchun maxsus kvota joriy etish yo‘li bilan imtiyoz taqdim etish maqsadga muvofiq deb hisoblanadi.

Butun mamlakatda ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun maktab-internatlarida 3000 nafarga yaqinroq o‘quvchilarning tahsil olayotganini hisobga olsak, bu imtiyoz davlat byudjeti uchun ortiqcha yuk bo‘lmasligi shubhasiz.

Mullif fikri tahririyat fikri bilan mos kelmasligi mumkin.

Dilmurod Yusupov

Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya) Rivojlanish muammolarini o‘rganish instituti doktoranti, «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a’zosi.