O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, 4 iyun kuni Toshkentda ovqatdan zaharlanish holati qayd etildi.

4 iyun kuni soat 17−00 dan 6 iyun soat 12−00 ga qadar SSV Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasiga 11 nafar, shahar 5-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 3 nafar va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 1 nafar bemor ko‘ngil aynishi, qayd qilish, bosh og‘rishi, umumiy holsizlanish, ich ketishi, oshqozon sohasida og‘riq, tana haroratiningko‘tarilishi kabi shikoyatlar bilan murojaat qilgan. Ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, «Ovqat toksikoinfeksiyasi» birlamchi tashhisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Bemorlardan 3 nafarining ahvoli og‘ir, qolganlariniki o‘rtacha og‘irlikda.

Shifoxonada bemorlardan laboratoriya tahlillari uchun tegishli barcha namunalar olinib, malakali shifokorlar tomonidan sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Dori darmon zahiralari yetarli darajada, deyiladi xabarda.

Mazkur holat bo‘yicha o‘tkazilgan birlamchi epidemiologik tekshiruv natijasida bemorlarning 11 nafari kasalliklarini Sergeli tumani Yangi Qo‘yliq ko‘chasi 7b-uyda joylashgan, 4nafari Sergeli tumani Sergeli-8 mavzesida joylashgan «GRAND AZIA PLUS» MCHJga qarashli «Oqtepa lavash» umumiy ovqatlanish shoxobchalarida tayyorlangan tovuqli sendvichni iste’mol qilgani bilan bog‘lashmoqda.

«GRAND AZIA PLUS» MCHJga qarashli «Oqtepa lavash» umumiy ovqatlanish shahobchasida qisqa muddatli tekshiruv o‘tkazish uchun O‘zbekiston prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlari xuquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili nomiga Toshkent shahar DSENM tomonidan 6 iyunda ma’lumotnoma ko‘rib chiqish va xulosa olish uchun berilgan.

SSVning qayd etishicha, poytaxtda yuz bergan ushbu holat yuzasidan vazirlikning alohida nazorati tashkil etildi. Vazirlik tomonidan yuzaga kelgan epidemik vaziyatni joyiga chiqib o‘rganilib, bemorlarga va mutaxassislarga o‘z vaqtida har jihatdan amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.