7-iyunga o‘tar kechasi Amir Temur shoh ko‘chasida drenaj quvurlarini almashtirish bo‘yicha texnik ishlar boshlanadi. Bu haqda Toshkent hokimiyati matbuot xizmati xabar qildi.

6-iyun kuni Amir Temur shoh ko‘chasining “Toshkentland” bog‘idan Radisson mehmonxonasigacha bo‘lgan qismidagi drenaj quvurlari yangilanishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan yo‘lning mazkur qismi 6-iyun kuni kechki soat 23:00dan 7-iyun tonggi soat 6.00 gacha bo‘lgan vaqt davomida yopiladi.

Hokimiyat matbuot xizmatidan “Gazeta.uz"ga izoh berilishicha, shtkazuvchanlikni oshirish maqsadida diametri 300 mm bo‘lgan quvurlar 600−800 mm bo‘lgan katta diametrli quvurlarga almashtirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, suv oqimlari uchun zarur joylarga maxsus chuqurchalar qilinmoqda.

O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, 6-iyun kuni Toshkentda havo o‘zgarib turadi, vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi mumkin, jala ehtimoli bor. G‘arbiy shamol 5−10 m/s tezlikda esib, jala vaqti 15−20 m/s ga qadar kuchayishi mumkin. Havo harorati kunduzi +28…+30, kechasi — +15…+17 daraja atrofida bo‘ladi.

Poytaxt hokimiyati jala vaqtida daraxtlar ostida yurmaslik va ular ostiga mashinalarni qoldirmaslikka chaqirmoqda. Yog‘ingarchiliklar natijasida katta miqdorda suv to‘plangan holatlar aniqlansa, 1050, 1055 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.