4 iyun kuni taxminan 18:30 da Toshkentning Yunusobod tumani 11-mavzesida T.L. boshqaruvidagi Nexia-3 avtomobili 12 yoshli o‘smirlar A.G., S.I. va S.Yani bosib yubordi, deya xabar qildi poytaxt IIBB matbuot xizmati.

Avtomobilni boshqargan 42 yoshli ayolning so‘zlariga ko‘ra, u to‘xtash va tezlik tepkilarini adashtirib yuborgan. O‘smirlar kvartal ichidagi yo‘l yoqasida bo‘lgan, deyiladi xabarda.

YTH natijasida A.G. hodisa joyida hayotdan ko‘z yumdi. S.I. tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi. Shifokorlar bolaning ahvoli barqaror ekanini ma’lum qildi. S.Ya esa ambulator tekshiruvdan so‘ng uyga ruxsat berildi.

IIBB YHXB boshlig‘i Rafiqjon Jalilov, IIBB boshlig‘i o‘rinbosari — tergov boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Zafar Alimov va Yunusobod tuman IIB IIFMB 5-bo‘limi boshlig‘i kapitan Dilshod Dehqonboyev hodisa joyiga yetib bordi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, haydovchi hodisa joyidan yashiringan. IIBB esa haydovchi ayol hodisa joyida bo‘lgani va tergov tadbirlarining o‘z vaqtida olib borilishida ko‘maklashganini ma’lum qildi.

Mazkur holat bo‘yicha Yunusobod tuman IIB tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lsa) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.