«O‘zbektelekom» kompaniyasi mamlakatda keng polosali internetdan foydalanishni kengaytirish maqsadida uzoq muddatga 100 million AQSH dollari miqdorida qarz olish bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan muzokaralar o‘tkazilmoqda.

Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori o‘rinbosari, «Buyuk kelajak» xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti eksperti Zafar Zohidov O‘zAga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyada boshqaruv xodimlari uchun xarajatlarni yiliga 7,5 mlrd so‘mga kamaytirgan holda, kompaniyaning ancha ixcham boshqaruv tuzilmasi ishlab chiqildi.

«Foydalanmasa ham bo‘ladigan 189 ta avtomashina aniqlanib, ular ommaviy auksionlar orqali sotuvga qo‘yildi. Shuningdek, kompaniya xarajatlari ham kamaytirildi, ixtisoslashmagan aktivlarni tezkor sotish boshlandi, minoritar ulushlar daromad keltirmaydigan kompaniyalarga sotildi. Butun mamlakatimizning mobil aloqa bilan ta’minlanishini yaxshilash maqsadida tayanch stansiyalar o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda», — Zafar Zohidov.

Bundan tashqari, xalqaro standartlarga muvofiq audit o‘tkazilmoqda, asosiy vositalar qayta baholanmoqda, dedi u.

Zafar Zohidovning fikricha, «O‘zbektelekom» AJ dastlabki davlat kompaniyalaridan biri (bank tizimidan tashqari) sifatida xalqaro reyting agentliklari korporativ reytingidan joy olishi mumkin. Bu kompaniyaning xalqaro kapital bozorlari, jumladan Yevrobondlar bozoridan foydalanishiga yordam beradi, qarzga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq moliyaviy xarajatlarni qisqartiradi.