3 iyun kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi tayanch doktoranturasida tahsil olayotgan Feruza Bobojonova, Naim Xuseinov va Jo‘rabek Norbekovga Prezident sovg‘asi — 1 xonali uylarning kalitlari topshirildi, deya xabar qildi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga. Yosh olimlarga kalitlarni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev taqdim etdi.

Hozirda Naim Xuseinov markerlarga asoslangan seleksiya texnologiyasini qo‘llagan holda g‘o‘zaning vilt kasalligiga chidamli nav va liniyalarni yaratish ustida tadqiqotlar olib borayotgan bo‘lsa, Feruza Bobojonova kartoshkaning gen-nokaut texnologiyasi asosida yangi istiqbolli liniyalarini olish bo‘yicha tadqiqot ustida ish olib bormoqda. Jo‘rabek Norbekov esa DNK barkodlash texnologiyasi yordamida mahalliy bug‘doy navlarining genetik pasportini ishlab chiqmoqda. Mazkur pasport seleksioner olimlarning yaratgan navlarining mualliflik huquqini himoya qiladi, olimlar tomonidan bilib-bilmay o‘simliklarning bir xil navlarini yaratishlarining oldi olinadi hamda navlarning xilma-xil bo‘lishiga xizmat qiladi.


Genomika va bioinformatika markazining prezidentdan sovg‘a olgan doktorantlari o‘z ilmiy ishlari, tadqiqotlari, maqola va izlanishlari uchun ko‘plab tanlovlarda g‘oliblikni kiritgan umidli yosh olimlardan. Xususan, Feruza Bobojonova 2014 va 2018 yillari yilning eng faol yosh olimi deb tan olingan.

«Yosh olimlarga prezidentimiz tomonidan sovg‘a sifatida uylarning kalitining topshirilishi bir tomondan ularga bo‘lgan ishonch bo‘lsa, ikkinchi tomondan ilm-fan bilan shug‘ullanish arafasida turgan yoshlar uchun ibrat ham bo‘ldi. Yurtimizda intellektual mehnatning qadrlanishi, o‘z iqtidori, bilim va kuchini xalqimiz uchun foyda keltiradigan tadqiqotlarga sarflagan insonlarning e’zozlanishi innovatsiyalar asrida mamlakatimizning shiddat bilan rivojlanishiga zamin yaratadi», — deyiladi xabarda.