Toshkent viloyatida uchta xalqaro darajadagi kurort qurilishi uchun 500 mln dollardan ziyod mablag‘ jalb etiladi, deya xabar qildi bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Aziz Abduhakimov «O‘zbekiston 24» telekanalining «Yangiliklar 24» dasturiga.

«Chorvoq» erkin sayyohlik hududida «Chimyon» va «Bildirsoy» xalqaro tog‘-chang‘i va rekreatsion majmualar tashkil etiladi. Ushbu loyihalarga 263,7 mln va 178,4 mln dollarlik sarmoya kiritish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, «Nanay» ekoturistik va rekreatsion majmuasini tashkil etishga 62,4 mln dollar yo‘naltiriladi.

«Toshkent viloyatida uchta — „Chimyon“, „Bildirsoy“ va „Nanay“ xalqaro darajadagi kurortlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek Amirsoy va Yusufxona loyihalari [davom ettiriladi]. Ushbu loyihalar doirasida 40 km dan ortiq turistik tog‘-chang‘i trassasi, 100 turdagi yangi sayyohlik xizmatlari, 25 mingta joylashtirish o‘rini va 3000 ishchi o‘rni tashkil etiladi», — dedi Aziz Abduhakimov.

Bosh vazir o‘rinbosari hamyonbop, o‘rta va premium segmentidagi kurort xizmatlari ko‘rsatilishini qayd etib o‘tdi.

Avvalroq Fransiya konsorsiumi Chorvoq suv omborida qishgi va yozgi sport kurortlari, akvaparklar, ekoturizm yoki alpinizmni rivojlantirish uchun dam olish markazlarini belgilab olgani haqida xabar qilingan edi. 21 noyabr kuni sayyohlik infratuzilmalarini rivojlantirishga ixtisoslashgan Orex Loisirs, Compagnie des Alpes, Geode, Egis, Epode, Patriarch kompaniyalari va Toshkent viloyati hokimiyati o‘rtasida bu haqdagi bitim imzolandi.

Bosh vazir o‘rinbosari Toshkent viloyatida sayyohlik «Oltin halqasi"ni tuzish rejalashtirilayotganini ham ma’lum qildi.

«Toshkent viloyatida „Oltin halqa“ tashkil etish konsepsiyasi tayyorlandi. Unga Zangiota, Bo‘stonliq, Parkent, Angren, Ohangaron, Bo‘ka va Chinoz kiradi. Ushbu faoliyat natijasida Toshkent viloyati salohiyati ortadi. Biz mehmonxonalar sonining 4 martaga, mehmon uylari sonining 3,5 martaga, tashrif buyuruvchi sayyohlar esa 2 martaga ortishini hisob-kitob qilmoqdamiz», — dedi u.