Dushanba kuni poytaxtda kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportning o‘tgan yilning yozida ochilgan uchib kelish zali tomidan suv sizib kirish holati kuzatildi.

Terminalga tutash ob’ektlar, jumladan qo‘nish hududlari va uchish-qo‘nish yo‘lagining bir qismini ham suv bosdi, deya xabar qildi aeroport vakili «Gazeta.uz"ga.

Aeroport vakilining oydinlik kiritishicha, shahar drenaj tizimining qoniqarsiz ishlashi sababli suv toshishi holati kuzatilgan.

«Terminal ulangan drenaj tizimi to‘lib, suv o‘tkazmay qolgan. Tomdan tushuvchi tarnovlar ham suv bilan to‘ldi. Suv tom orqali boshqa yo‘l topib, sizib kirishni boshladi», — dedi suhbatdosh.

Suv kanalizatsiyaga oqib ketmagani sababli hojatxonadan oqib chiqishni boshlagan. «Mutaxassislarimiz suv ko‘tarilmasligi uchun tiqin tiqishdi», — dedi u.

Yo‘lovchilar ko‘lmaklarda yurmasliklari uchun aeroportning uchib kelish zaliga yuk omborlaridan 10 ga yaqin yog‘och tagliklar olib kelindi.

Suv toshishi oqibatlarini bartaraf etish uchun suv tortuvchi texnika, o‘t o‘chirish mashinalari jalb qilindi.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, aeroport ma’muriyati favqulodda vaziyat to‘g‘risidagi videomateriallarni texnik yechim olish uchun tegishli tashkilotlarga taqdim etgan.

Aprel oyida Toshkent hokimiyati nima uchun poytaxt surunkali yog‘ingarchiliklarga dosh bera olmayotganining beshta sababini sanab o‘tgan edi. Ulardan biri — irrigatsiya-drenaj xo‘jaligi tizimlarining eskirgani bo‘lib, kapital ta’mirlash uchun qariyb 60 mln dollar zarur.