AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati 31 may kuni Amerika vizasiga ariza topshiruvchilarga o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish talabini joriy etdi. Bu haqda RIA Novosti The Hill nashriga tayanib xabar qildi.

«Vizaga ariza topshiruvchilardan ushbu qo‘shimcha ma’lumotlarni yig‘ish arizachilarni tekshirish va ular shaxsini tasdiqlashdagi jarayonlarimizni takomillashtiradi», — deya qayd etdi Davlat departamenti vakili.

Arizada arizachi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmasligini ko‘rsatuvchi band mavjud, biroq bu noto‘g‘ri bo‘lib chiqsa, «jiddiy immigratsion oqibatlarni» keltirib chiqarishi mumkin.

Davlat departamenti vakilining ma’lum qilishicha, ushbu choralar «terroristlar, jamoat xavfsizligiga tahdidlar va boshqa xavfli shaxslarni aniqlash» hamda ularni mamlakatga kiritmaslikka qaratilgan.