Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi ochiq sud majlisida F. Qodirov (ismi-familiyalar o‘zgartirilgan) ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqdi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi sudyasi Adiz Avezov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Shahar sudining hukmiga ko‘ra F. Qodirov Navoiy viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi chaqiriluvchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘limida vrach dermatolog vazifasida ishlab firibgarlik jinoyatiga qo‘l urgan.

F. Qodirov, fuqarolarni muddatli harbiy xizmatni o‘tashini tashkil qilish yuzasidan tuzilgan tibbiy komissiyasi a’zosi hisoblanib, fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga yuborish yuzasidan biror-bir vakolatga ega bo‘lmasa-da, fuqaro S. Aliyevning o‘g‘li B. Ro‘ziyevni bir yillik muddatli harbiy xizmatni o‘tashga yuborish masalasini mansabdor shaxslari orqali pora berish evaziga gaplashib, qonunga xilof ekanligini bila turib, mulkiy naf ko‘rish maqsadida aldab, ishonchiga kirib, mansabdor shaxsga pora berishga qiziqtirib, S. Aliyevdan 4 500 000 so‘m pullarni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtda ushlangan.

Sudlanuvchi F. Qodirov sud muhokamasida aybiga to‘liq iqrorlik bildirdi. Jinoyat ishi yuzasidan mavjud dalillar va guvohlarning ko‘rsatmalari har taraflama, sinchiklab tekshirilib, sud tomonidan F. Qodirovga JKning 168-moddasi 1-qismi, 28,211-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga JKning 59-moddasi tartibida eng kam oylik ish haqining o‘ttiz besh baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.