O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni Toshkent viloyatida Yaqin Sharqdagi qurolli to‘qnashuvlar bo‘layotgan hududlardagi o‘zbekistonliklarning Vatanga olib kelinishi bo‘yicha «Mehr» orperatsiyasiga to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

«Mana, 156 nafar yurtdoshimizni Yaqin Sharqda urush bo‘layotgan joydan olib keldik, — dedi prezident. — Xo‘sh, ular nima uchun ketgan? Ahvolimiz xarob bo‘lgani uchun, sharoit bo‘lmagani uchun ketgan. Lekin u yerda nima bo‘ldi? Xotin-qizlarimizni sotishdi, beshta bola beshta otadan, 14 yoshli qiz tuqqan. Shu holat bizga yarashadimi?»

«Ularni Vatanga olib kelish juda qiyin bo‘ldi. Qancha davlatlar bilan gaplashdik. Samolyotni u yoqqa qo‘ndirish, terroristlarning qo‘lidan olib chiqish oson emas. Lekin qaytardik — nima bo‘lgandayam ular bizning vatandoshimiz», — deya davom ettirdi Shavkat Mirziyoyev.

«Endi nima qilish kerak? Nuroniylar, jamoatchilik qayoqqa qarayapti? Kim buni tushuntiradi? Bunday narsalar hammamizni o‘ylantirishi, qiynashi kerak», — dedi prezident.

30 may kuni 156 nafar O‘zbekiston fuqarosi, jumladan 48 nafar ayol, 106 bola va 1 erkak maxsus reys bilan Damashqdan (Suriya) Toshkentga olib kelindi. Ular ayni vaqtda sanatoriyalarga joylashtirilgan, barchasiga reabilitatsiya va reintegratsiya uchun yordam ko‘rsatilmoqda. Jumladan, ularga tibbiy yordam va ruhiy ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Ta’limiy va boshqa ijtimoiy dasturlarga jalb etilib, ishga joylashishga ko‘maklashiladi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyevaning avvalroq «Gazeta.uz"ga ma’lum qilganidek, ayollar va bolalarni Yaqin Sharqdagi qurolli to‘qnashuv zonalaridan qaytarib olib kelish ishlari davom ettiriladi.