Hukumat qarori bilan Investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratish hamda tashkilotlarni franchayzing to‘g‘risidagi shartnoma asosida qisman moliyalashtirish uchun davlat byudjetidan mablag‘ ajratish tartibi haqidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizomga muvofiq, investorlarning mehmonxonalari 3 yulduzli toifaga kirsa va xonalari 50 tadan kam bo‘lmasa yoki 4 yulduzli va 100 ta xonadan kam bo‘lmasa Davlat byudjetidan subsidiya beriladi.

Subsidiya bir marta quyidagi miqdorlarda beriladi:

3 yulduzli mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 40 mln so‘m;

4 yulduzli mehmonxonalarning har bir xonasiga 65 mln so‘m.

Nufuzli mehmonxona brendlaridan foydalanish bo‘yicha franchayzing shartnomasini tuzgan tadbirkorlar shartnoma kuchga kirgan vaqtdan 3 yil davomida har yili bir marta davlat byudjetidan moliyalashtiriladi.

Tashkilotlarni moliyalashtirish quyidagi miqdorda amalga oshiriladi:

3 yulduzli dastlabki 50 ta mehmonxonaning bitta xonasi uchun — 200 dollar;

4 yulduzli dastlabki 30 ta mehmonxonaning bitta xonasi uchun — 400 dollar.

Subsidiya ajratish va moliyalashtirish uchun tadbirkorlar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga murojaat qilishi lozim.


https://t.me/huquqiyaxborot