Fijining Suva shahrida og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionati davom etmoqda. Musobaqaning ikkinchi kuni doirasida ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi vakili Adhamjon Ergashev (-67 kg) chempionlikni munosib himoya qildi. O‘tgan yili Toshkentda o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi dunyo birinchiligida ham Adhamjon g‘alabani qo‘lga kiritgan edi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

-67 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Adhamjon dast ko‘tarish mashqida 141 kg, siltab ko‘tarish mashqida esa 173 kg, jami 314 kg natija qayd etdi. Uning bu ko‘rsatkichini hech qaysi raqibi takrorlay olmadi. Kumush medal turkiyalik Muhammad Furqon O‘zbekga nasib etgan bo‘lsa, rossiyalik Zulfat Garayev bronza medali bilan taqdirlandi.

Og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasida JCH. Fiji, Suva.

Erkaklar, -67 kg.:

1. Adhamjon Ergashev — 314 kg (141 kg + 173 kg)

2. Muhammad Furqon O‘zbek (Turkiya) — 307 kg (135 kg + 172 kg)

3. Zulfat Garayev (Rossiya) — 300 kg (137 kg + 163 kg)

Bu g‘alaba bilan Adhamjon Tokio olimpiadasi uchun ham qimmatli reyting ochkolarini jamg‘arishga muvaffaq bo‘lmoqda. Bu Ergashev uchun yoshlar o‘rtasidagi so‘nggi jahon chempionati edi.