Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida joylashgan Toshkentdagi maishiy chiqindilar tashlanadigan poligon 98 foizga to‘ldi, deya xabar qildi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nurafshonda hokimlar va hudud sektorlari rahbarlari ishtirokidagi yig‘ilishda.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu poligonni yopish va yangisini qurish kerak. «Bu ekologiya tozaligi, aholi salomatligi uchun muhim masala», — dedi davlat rahbari.

Prezident Toshkent viloyatidagi ijtimoiy va kommunal sohalarga oid masalalarga ham e’tibor qaratdi.

«Viloyatda aholining 64 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangani jiddiy muammo. Amalda bu ko‘rsatkich 40−50 foiz darajasida. Bo‘ka, Quyichirchiq, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq tumanlari va Nurafshon shahrida 30 foizga ham bormaydi. Sizlar kabinetda qanday o‘tirasizlar?» — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu muammoni hal etish maqsadida joriy yilda 440 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari va 301 ta suv inshootida qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilishi rejalashtirilgan. Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi qiymati 144 million dollarlik loyihaning birinchi bosqichi doirasida qurilish ishlari boshlangan.

O‘rta ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlaridagi muammolar, shuningdek ichki yo‘llar bilan bog‘liq muammolarni tezda bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berildi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi iqtisodiy ahvolning qoniqarsiz ekanini tanqid ostiga olib, odamlar quruq gaplarga ishonmasligini ta’kidlab o‘tgan edi. Yig‘ilishda Quyichirchiq tumani hokimi vazifasidan ozod qilindi.