Juma kuni Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida «Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligi transformatsiyasi, oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish» mavzusidagi xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda Oziq-ovqat siyosati xalqaro ilmiy-tadqiqot instituti (IFPRI) mutaxassislari, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakillari hamda ilmiy doiralar vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan qishloq xo‘jaligi islohotlar vazifalari va uning borishini muhokama qildi.

IFPRI bosh direktori Shenggen Fan 2019 yilgi Global oziq-ovqat siyosati to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston qishloq joylarda ish o‘rinlariga nisbatan o‘sib borayotgan ehtiyojni qanoatlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini oshirish uchun islohotlarni tezlashtirish, institutsional mexanizmlarni takomillashtirish va mintaqaviy integratsiya imkoniyatlarini o‘rganish orqali iqtisodiyotdagi xususiy sektor rolini mustahkamlashi zarur.

Hisobotda qayd etilishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari 2018 yilda Rossiya va Xitoydagi iqtisodiy o‘sish sekinlashuvining salbiy oqibatlarini sezilarli darajada bartaraf eta oldi.

Eksport daromadlari, pul o‘tkazmalari oqimi hamda investitsiyalarning o‘sishi O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonda iqtisodiy faollikka va oziq-ovqat xavfsizligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Markaziy Osiyo aholisining yarmidan ko‘prog‘i (O‘zbekistonda — 50 foizga yaqinroq) qishloq joylarida istiqomat qiladi. Mamlakatdagi qashshoq aholining katta qismi ham aynan qishloq joylarida yashaydi.

Shenggen Fan o‘z hisobotida O‘zbekistonda qishloq joylari va shaharlar, fermer xo‘jaliklari hamda kichik shaharlar va megapolislar o‘rtasidagi aloqalarini mustahkamlashi zarurligiga alohida urg‘u qaratdi. Bu ishlarni qishloq xo‘jaligi infratuzilmalari, qishloq xo‘jaligi iqtisodiy klasterlarini rivojlantirish, savdo va xizmat ko‘rsatish kooperativlarini qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvida innovatsiyalarni o‘zlashtirish hamda qishloq tumanlarida iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish hisobidan amalga oshirish mumkin.

«Gazeta.uz» muxbirining nima uchun hali ham Orolbo‘yi hududida, Mo‘ynoqqa borish yo‘llarida paxta ekilishi to‘g‘risidagi savoliga javob berar ekan, «O‘zbekiston qishloq hududlarini rivojlantirish» dasturi menejeri, agroekonomist Jan-Lui Vo paxta yetishtirishda suv samaradorligi, masalan meva va sabzavotlarni yetishtirishdan ancha past ekanini ta’kidladi. Boshqa ekinlar va sektorlarga o‘tish hamda suv, yer, energiya va sarflanayotgan mehnat samaradorligini oshirish to‘g‘risidagi qaror muhim ahamiyat kasb etadi.

Meva va sabzavotlarni yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari maydoni kengayganiga qaramasdan, paxta va bug‘doy maydonlari 10 yil avvalgidek umumiy ekin maydonlarining 70 foizini egallamoqda.

Paxta sektorida klasterlar tashkil etilgani paxta yetishtirish rejalari hamda paxtaning ichki narxlariga nisbatan davlat nazorati bekor qilinmadi. Paxta va bug‘doy maydonlarini ajratib berish hamon bozor tamoyillari asosida amalga oshirilayotgani yo‘q.

Hisobot mualliflari Jahon banki eksperti Sergiy Zorining 2019 yilgi maqolasiga tayangan holda islohotlarni quyidagicha olib borishni taklif etmoqda:

paxta va bug‘doy kvotasini bekor qilish, sektor daromadliligini oshirish uchun ular narxini oshirishga ruxsat berish, fermerlar uchun yangi ishlab chiqarish cheklovlarini joriy etishga qaratilgan davlat topshiriqlaridan qochish, qishloq xo‘jaligi xizmatlari hammabopligini yaxshilash;

yer bozorini liberallashtirish (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni to‘liq xususiylashtirish shart emas, yer ijarasini qonuniylashtirish yetarli), mehnat shartnomalarini rasman rasmiylashtirish, hukumat qarorlari doirasidan tashqarida kreditlashtirish va boshqalar.

IFPRI tadqiqotchilari to‘laqonli ovqatlanmaslik ham Markaziy Osiyo hududidagi eng o‘tkir muammolardan biri ekanini qayd etdi. Markaziy osiyoliklar orasida ozuqaviy mikroelementlar yetishmovchiligi, jumladan anemiya keng tarqalgan. Tug‘ish yoshidagi ayollarning 34 foizida ushbu kasallik aniqlangan. Ortiqcha vazn va semizlik ham keng tarqalmoqda.