Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida Innovatsion rivojlanish vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi va Yangiyo‘l tumani hokimligi hamkorligida «Orzu daraxti» nomli innovatsion bolalar bog‘chasi o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Davlat rahbarining qishloq joylarida oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini barpo etish bo‘yicha sa’y-harakatlari tufayli tashkil etilgan «Orzu daraxti» nomli mazkur innovatsion bolalar bog‘chasida O‘zbekiston va Koreya maktabgacha ta’lim tizimining eng ijobiy jihatlari mujassam etilgan.

Bog‘cha 80 o‘rinli bo‘lib, unda koreys, ingliz va rus tillari mukammal o‘rgatiladi. MTM dushanbadan shanbagacha soat 8−00 dan 20−00 gacha faoliyat ko‘rsatib, bolalarning kuniga besh mahal ovqatlanishi tashkil etilgan.

Shuningdek, muassasada massaj muolajalari, defektolog mashg‘ulotlari, darsonval terapiyasi, davolovchi jismoniy tarbiya (LFK) mashqlari, elektroforez, parafin terapiyasi o‘tkaziladi.


Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi tishlarning tozalik darajasini baholaydigan, kariyesni rentgen tasviri orqali aniqlash imkoni bo‘lmagan davrida ham aniqlash imkonini beruvchi texnologiyani o‘zida mujassam etgan Qscan uskunasini Toshkent viloyatida birinchi bo‘lib ushbu bog‘chaga taqdim etdi.

Bunda bog‘cha tarbiyalanuvchilariga va ularning ota-onalariga og‘iz bo‘shlig‘ining gigiyenik qoidalari o‘rgatildi, tishlarni to‘g‘ri tozalashda ular tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ko‘rsatilib, so‘ngra texnologiya tekshirib ko‘rildi.

Mazkur maktabgacha ta’lim muassasasida davlat rahbarining 5 ta tashabbusi joriy etilgan etilgan. Jumladan, rasm chizish va raqs to‘garagi, badan tarbiya mashqi, shashka va shaxmat, suv sporti to‘garagi, shuningdek bolalarga kitobxonlikni o‘rgatishga rasmli kitoblar va innovatsion QR qodli kitoblarni audio eshitilishi tashkil etilgan, beshinchi yo‘nalish bo‘yicha esa 10 nafar xotin-qizlar bandligi ta’minlangan.