O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati atrofini odamlar qurshab olgan qo‘ng‘ir ayiq jasadi tasvirlangan videoyozuv bo‘yicha ma’lumot berdi. Ijtimoiy tarmoqlar va ayrim OAVlarda jonivor odamlar tomonidan kaltaklab o‘ldirilgani xabar qilingan edi.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 28 may kuni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Langar MFY Tutli qishlog‘iga Samarqand viloyati bilan chegara hududdan ayiq kirib kelib, tomorqalarni payxon qilgan, uy hayvonlariga zarar yetkazish bilan birga aholi hayotiga xavf tug‘dirgan.

Xususan, fuqaro Husan To‘rayev, Rustam Sulaymonov, Haydar Ochilov va boshqalarning xonadoniga kirgan ayiq agressiv harakatlangan holda xonadon egalariga tahdid (otilib) qilib, qo‘rqitgan.

Shu sababli qishloq aholisi tomonidan rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan ovchi Qaxramon Sulaymonov yordamga chaqirilgan va ayiq IJ-17 rusumli miltiq bilan 16-kalibrli o‘qdan otib o‘ldirilgan.

Xabarga ko‘ra, hodisa joyiga yetib borgan profilaktika inspektori joyni ko‘zdan kechirib, protsessual tartibda rasmiylashtirilgan va ayiq tuman markaziga olib kelingan.

Mazkur holat tuman IIBning jinoyat haqidagi ariza va xabarlarni ro‘yxatga olish kitobida 28 may kuni ro‘yxatga olinib, ayni vaqtda tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Holat bo‘yicha so‘ralgan X.To‘rayev o‘sha kuni tomorqasida ishlab turganida adirdagi tepalikdan uning xonadoniga ayiq hujum qilib kirib kelgani, unga qarab ikki marta tahdid sifatida baqirganidan qo‘rqib ketgani, shu vaqtda qishloq aholisi tomonidan chaqirilgan ovchi uning xonadonidan 20 metr pastroqda ayiqni otib tashlaganini bayon qilgan.

Ayiq jasadi tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi boshliqlari tomonidan ko‘zdan kechirilib, ayiqning holatiga oid hamda (quturish) kasalliklarga chalinganligi yuzasidan tekshiruv o‘tkazish uchun veterinariya bo‘limiga topshirilgan.

Ayni vaqtda tuman veterinariya bo‘limi tomonidan ayiq jasadidan olingan namunalar ekspertizadan o‘tkazish orqali holatga aniqlik kiritish maqsadida xayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat xavfsizligi markaziga yuborilgan.

Mazkur ishga vakolatli idoralardan malakali mutaxassislar jalb etilgan hamda tekshirish harakatlari tuman prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Tekshirishda asosiy e’tibor, ayiqning o‘ldirilishi aynan oxirgi zarurat bilan bog‘liqligi, uni o‘ldirmasdan ham xavfning oldini olish imkoni bo‘lgan yoki yo‘qligiga qaratilgan bo‘lib, tegishli shaxslar harakatiga huquqiy baho berish bilan natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi, deyiladi xabarda.