30 may kuni Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani «Mingtepa» mahallasida istiqomat qiluvchi ayol Z. U. (1988 y. t.) tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi.

Aniqlanishicha, Z.U. K.G. (1982 y. t.) bilan 18 may kuni nikohdan o‘tib turmush qurga va birgalikda yashab kelgan. 30 may kuni tungi soat 03:30 larda K.G mast holatda yashash uyida, oilaviy kelishmovchiliklar sababli, turmush o‘rtog‘i Z.U.ni urib, tan jarohati yetkazgan.

Ushbu holat bo‘yicha Bulung‘ur tumani IIB tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib borishga kirishilgan. Tergov harakatlari 10 kungacha davom etishi mumkin.

Tuman tibbiyot birlashmasining ma’lumotnomasida Z.U.ga «yopiq bosh suyagi jarohati, bosh miya chayqalishiga gumon, boshning o‘ng tepa sohasida urilib, yirtilgan jarohat, ikkala ko‘z atrofi, burun, ikkala qo‘l bilak, tirsak va chap yelka bo‘g‘imlari, bel, o‘ng boldir sohalari yumshoq to‘qimalari lati» mavjudligi bayon qilingan.

Ushbu holat yuzasidan Z.U ariza bermasligini bildirgan, shu sababli xolislar ishtirokida tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

30 may kuni Z.U.ning tan jarohatlarini og‘irlik darajasini aniqlash uchun sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonovaning «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, ko‘pchilik holatlarda maishiy zo‘ravonliklar Jinoyat-protsessual kodeksining 325-moddasi bo‘yicha malakalanadi. Unga ko‘ra, jinoiy harakatlarni jabrlanuvchi tomon arizasi bo‘lgan taqdirdagina boshlash mumkin.

«Bu kabi holatlarda jabrlanuvchilarning qarorlari, afsuski, ularga qonun berayotgan huquqlarga emas, ommaviy muhokamalardan qo‘rqish, maishif himoyalanmaganlik, ruhiy va psixologik ko‘makning yo‘qligiga tayaniladi. Ya’ni, bu yerda jinoiy-huquqiy emas, balki asosan ijtimoiy jihatlar inobatga olinadi. Maishiy zo‘ravonliklardan aziyat chekkan ayollar nafaqat yaqinlari, balki mutaxassislarning ham ruhiy va ijtimoiy ko‘magiga ehtiyoj sezadi», — dedi u.

Surayyo Rahmonova quyidagilarni ta’kidladi: «Bosh prokuratura maishiy zo‘ravonliklar bilan bog‘liq bu kabi holatlarning har biriga qonun doirasida huquqiy baho berilishi va aybdorlar javobgarlikka tortilishi bo‘yicha qat’iy pozitsiyasini bildiradi».

Mazkur holat yuzasidan Bulung‘ur tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. K. G. Muqaddam javobgarlikka tortilgan va unga nisbatan tayinlangan axloq tuzatish ishlariga jalb qilish bo‘yicha jazo turi qamoqqa o‘zgartirilgan. Hozirda Jomboy tuman hibsxonasida.

Mazkur ish mamlakat bosh prokurori Otabek Murodovning alohida nazorati ostiga olindi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Norboyeva «Gazeta.uz"ga Z. U. bilan nikoh qurgan erkak FHDYO organlarida boshqa ayol bilan rasmiy nikohda ekanini ma’lum qildi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi ushbu nikohni o‘qigan mulla rasmiy nikoh hujjatisiz ushbu marosimni o‘tkazgani uchun qonuniy javobgarlikka tortilishi kerak, deb hisoblaydi.

«Gazeta.uz"ga ma’lum bo‘lishicha, K.G spirtli ichimliklarga mukkasidan ketgan, oilaviy-maishiy mojarolar tashabbuskori va davolanish tavsiya qilingan fuqarolar ro‘yxatida bo‘lgan.