O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi The Coca-Cola Company kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan yo‘llangan N‘Medov kompaniyasi unga tegishli bo‘lgan videorolikka «aynan o‘xshash» bo‘lgan videorolikdan foydalanayotgani haqidagi murojaatni o‘rganib chiqdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar qildi.

N‘Medov o‘zi ishlab chiqaryotgan Pankie mahsulotini reklama qilishda «Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 13 moddasini buzgani, o‘z navbatida The Coca-Cola Company mualliflik huquqining buzilishiga olib kelganini qayd etildi.

Ushbu videorolik birinchi marta 2016 yilda namoyish etilgan va mualliflik huquqi The Coca-Cola Company kompaniyasiga tegishli.

Qo‘mita «Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning nohalol raqobat talablariga asoslangan holda N‘Medov kompaniyasiga Pankie muzqaymog‘i bilan bog‘liq reklama roligini ishlab chiqish va namoyish etish bilan bog‘liq hujjatlar va ma’lumotlarni taqdim etish to‘g‘risida xabardor qildi.

N‘Medov kompaniyasi tomonidan qo‘mitaga taqdim etilgan ma’lumotda, mazkur holat bo‘yicha jiddiy o‘rganish o‘tkazilgani, natijada tushunmovchilik sababli ushbu holatga yo‘l qo‘yilgani ma’lum qilindi. Mazkur videorolik televideniye tarmoqlari, Internetdagi ijtimoiy sahifalardan olib tashlandi.

Kompaniya doimo «Raqobat to‘g‘risida» va «Reklama to‘g‘risida"gi qonun talablari tarafdori bo‘lib qolishi ma’lum qilindi.