31 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatga ilk bor amaliy tashrif bilan kelgan Yevropa kengashi prezidenti Donald Tuskni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi. Joriy yilda O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yil to‘ladi.

Uchrashuvda asosiy e’tibor iqtisodiyot, savdo, innovatsiya va investitsiyalar, transport, fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga qaratildi.

Mamlakatda iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar Yevropa biznesining yetakchi vakillari yurtimizda yanada keng faoliyat yuritishlari, O‘zbekistonga eng yangi texnologiyalar, ilg‘or tajriba va yuksak standartlarni faol jalb qilish uchun imkoniyatlar ochayotgani alohida ta’kidlandi.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasiga muvofiq mintaqada o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Yevropa kengashi prezidenti O‘zbekistonning Orol dengizi havzasidagi ekologik halokatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish borasidagi amaliy sa’y-harakatlariga yuksak baho berdi, Orolbo‘yi mintaqasi uchun ko‘p sheriklik asosidagi trast fondi doirasida faol hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik boshqa dolzarb masalalar, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida butun mintaqa barqarorligi va izchil taraqqiyotini ta’minlash yo‘lida keng ko‘lamli sheriklikni yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasida tomonlarning intilishi qat’iy ekani ta’kidlandi.

«O‘zbekiston va prezident Shavkat Mirziyoyev mintaqada hamkorlikni yaxshilashda katta rol o‘ynamoqda», — deb yozdi Tusk o‘zining Twitter-sahifasida uchrashuvdan so‘ng.

Yevropa kengashi rahbari 29 may-2 iyun kunlari Markaziy Osiyo bo‘ylab safar qilmoqda. 30 may kuni u Tojikistonga, 31 may kuni esa Qozog‘istonga tashrif buyurdi. Safarning qolgan qismi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi.