O‘zbekiston Adliya vazirligi 1 iyun kuni test rejimida bola huquqlari interaktiv-ko‘ngilochar portalini ishga tushirdi. U 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar va ularning ota-onalariga mo‘ljallangan, deya xabar qildi Adliya vazirligi o‘zining Telegram-kanalida.


Bolahuquqlari.uz saytiga Konstitutsiyaning asosiy tushunchalari, metodik dasrlik va materiallar joylashtiriladi. Interaktiv-ko‘ngilochar o‘yinlar, mantiqiy topishmoqlar va testlar yordamida bolalarning huquqiy bilimlari oshiriladi.


«Boshqacha qilib aytganda, o‘g‘il-qizlarning huquqiy saviyasi yuksaladi va ular mazkur saytdan foydalanish barobarida oilada, bog‘cha, maktabda, umuman, jamoat joylarida o‘zini qanday tutish, nimalarga e’tibor berish kerakligi jihatdan bilimlarini boyitadi, huquqiy savodxonlik darajasini mustahkamlaydi», — deyiladi saytda.

Portal prezident Shavkat Mirziyoyevning 9 yanvardagi «Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq ishlab chiqildi.