O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 iyun kuni Toshkent viloyatining Angren shahriga tashrif buyurib, yangi temir yo‘l vokzali bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Vokzalda bir vaqtning o‘zida 100 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud. Kutish zali, ona va bola xonasi, tibbiy punkt, ovqatlanish va savdo shaxobchalarida barcha sharoit yaratilgan.

Prezident vokzalda yo‘lovchi va xizmatchilar uchun yaratilgan qulayliklarni ko‘zdan kechirdi. Shu yerda Toshkent viloyatida turizm, energetika, kimyo, metallurgiya sohalaridagi istiqbolli loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Prezident «Chorvoq» erkin turistik zonasida xalqaro dam olish maskanlari, Beldirsoy, Chimyon va Nanay hududlarida Fransiya kompaniyalari konsorsiumi ishtirokida tog‘-chang‘i kurorti barpo etish loyihalariga alohida ahamiyat qaratdi.