Jizzax viloyatidagi Tuzkor Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi yaqinidagi hudud O‘zbekiston atom elektr stansiyasini qurish uchun eng maqbul maydoncha sifatida tanlandi, deya xabar qildi «O‘zatom» agentligi matbuot xizmati.Foto: Yandeks.Kartы.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil avgustidan 2019 yil martiga qadar Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi To‘dako‘l suv ombori yaqinidagi to‘rtta, Jizzax viloyatida Tuzkon ko‘li yaqinidagi bitta maydonchada AES qurilishi uchun kompleks muhandislik-qidiruv ishlarining birinchi bosqichi o‘tkazildi.

Qidiruv ishlari natijalari, muhandislik-texnik va iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqlik nuqtai nazaridan Jizzax viloyatidagi Tuzkor Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi yaqinidagi maydoncha atom elektr stansiyasi qurilishi uchun tanlab olindi.

Bugungi kunda ikkinchi bosqich — tanlangan maydonchani litsenziyalash va tasdiqlash uchun muhandislik-qidiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Loyihani amalga oshirishni boshlashni tezlashtirish uchun 17 may kuni «Rosatom» korporatsiyasi injiniring divizioni tarkibiga kiruvchi «Atomstroyeksport» korxonasi bilan muhandislik-qidiruv ishlarini o‘tkazish va texnik loyihani ishlab chiqish bo‘yicha shartnoma imzolandi.