Namanganda o‘qishga kiritishni va’da qilib 2000 dollar olgan shaxs sud qarshisida javob berishga majbur bo‘ldi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi Sud amaliyotini tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i Akramjon Aripov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Oliy ta’lim dargohiga o‘qishga kirishga bel bog‘lagan qizi uchun yaxshi «tank» topishni o‘ylab yurgan N.Q. go‘yo maqsadiga yetdi. Qo‘shnisi E.U. o‘zi bilan Oliy ta’lim maskanida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan A.G‘. degan kimsaga «ataganini» bersa ishi osongina hal bo‘lishini aytib qoldi.

N. go‘y qizi o‘qishga kirib bo‘lgandek quvonib ketdi. Yillar bo‘yi yig‘ib-tergani 2 000 AQSH dollarini qo‘shnisi bilan kelgan «domla"ga berib yubordi.

Osmondan tushganday kelib qolgan daromad shaytonni qitiqlarkan. Hatto eng halol odam ham bir marta totdimi, yana shunday osongina topsam-a, deydigan bo‘lib qolarkan. A.G‘.da ham shunday bo‘ldi chog‘i, tanishi E.U. o‘g‘lini DXXga ishga joylash harakatida yurgani yodiga tushib qoldi.

— Oliy ta’lim vazirligiga ishga o‘tdim, — dedi E. Usanovga. — Toshkentda zo‘r tanishlar bor. Ozgina g‘ayrat qilsang, o‘zim gaplashaman o‘g‘lingni ishini, bunaqa cho‘zib yuravermaydi.

1 500 AQSH dollari o‘z-o‘zidan yana cho‘ntakka tushdi. Muddat o‘tar, tabiiyki, har ikki «mijoz» javob kutishardi. Bora-bora A.G‘. bilan so‘zlashish tugul uchrashib mumkin bo‘lmay qoldi. Jabrdiydalar huquqni muhofaza qilish organiga murojaat qilishdan o‘zga chora topa olishmadi.

Qonun uning qilmishini har jihatdan o‘rganib chiqib, o‘zlashtirgan pora tariqasidagi mablag‘larini davlat foydasiga undirish bilan 3 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga tortdi.