Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi uchun Chimkent-Toshkent-Xo‘jand yangi iqtisodiy yo‘lagini ochishni taklif qildi, deya xabar berdi OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati.

Tashabbus 30 may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi seminarida tilga olindi.

«Chimkent-Toshkent-Xo‘jand shaharlari hamda Turkiston (Qozog‘iston — tahr.), Toshkent va So‘g‘d (Tojikiston) viloyatlari dastur doirasidagi eng maqbul iqtisodiy yo‘lak sifatida ko‘rilmoqda», — deyiladi xabarda.

Bank ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu viloyatlarda Markaziy Osiyo aholisining 15 foizi istiqomat qiladi, shuningdek, ular xalqaro bozorlar bilan strategik jihatdan bog‘liq. Jumladan, Chimkent Yevropa-Sharqiy Osiyo va Rossiya-Yaqin Sharq xalqaro chorrahasida joylashgan bo‘lsa, Toshkent va Xo‘jand sayyohlik markazlari hisoblanadi.

«Uchta shahar va chegaradosh viloyatlar ayniqsa qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasida bir-birini to‘ldiruvchi iqtisodiy darajaga ega», — deyiladi xabarda. Uchta mamlakat o‘rtasidagi yaqin aloqalar tufayli ular o‘rtasida yengil transchegaraviy mobil ishchi kuchlari mavjud.

Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi Afg‘oniston, Mo‘g‘iliston, Ozarbayjon, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Xitoy, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonni birlashtiradi. Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Osiyo taraqqiyot banki kabi oltita yirik moliya instituti uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi.