O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov bugun respublika sport federatsiyalari va assotsiatsiyalar ishtirokida Tokio Olimpiadasiga tayyorgarlik yuzasidan tezkor yig‘ilish o‘tkazdi.

Bunga qadar MOQ rahbari 10 kun davomida barcha sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalar faoliyati bilan yaqindan tanishib chiqdi. Sport bazalari va u yerda yaratilgan sharoitlarni bevosita borib ko‘rdi.

O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasida bo‘lib o‘tgan bugungi yig‘ilishda ko‘rilgan asosiy masala aynan tekshiruv hulosalariga bag‘ishlandi. Mazkur yig‘ilishda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi vakillari, MOQ mutasaddilari, barcha federatsiya va assotsiatsiyalar mas’ul rahbarlari, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etishdi.

Rustam Shoabdurahmonov bungacha ko‘zdan kechirgan barcha joylar yuzasidan o‘z xulosasini bildirar ekan, ba’zi federatsiyalarda yaratilgan sharoitlarga salbiy baho berdi.

«Mana, barcha federatsiyalarning o‘quv-mashg‘ulot bazalariga tashrif buyurib, sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib chiqdik. Ahvol ijobiy emas. To‘g‘ri, bir qator federatsiyalarimiz borki, ularda terma jamoamiz a’zolari uchun juda ham yaxshi sharoitlar yaratib berilgan. Lekin ko‘p joylarda hatto sportchilarning yashashi uchun elementar sharoit yo‘q. Hukumatimizga rahmat, bizdan kerakli moddiy yordamini ayamayapti. Biz esa o‘z navbatida fursatni boy bermay, zudlik bilan barcha sharoitlarni yaxshilab olishimiz zarur» — dedi MOQ rahbari.

Terma jamoalarimiz uchun xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etish, sportchilarimizning kuchli sparring raqiblar bilan bahslashib, mahoratini toblab borishi uchun kerakli sharoitlarni yaratib berish hususida fikr bildirar ekan Rustam Shoabdurahmonov shunday dedi:

«Menga boks federatsiyasidan Kuba terma jamoasi bilan qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazish bo‘yicha taklif bildirishdi. Buni tegishli tashkilotlar bilan maslahatlashib hal qilamiz, kerakli sharoitlarni, albatta, yaratib beramiz. Qachongacha sportchilarimiz bir-birlariga qarshi sparring raqib bo‘lishadi? Marhamat, har bir federatsiya mana shunday qiziqarli va yaxshi takliflar bilan chiqishsin. Milliy olimpiya qo‘mitasi sizlar uchun faoliyat olib boradi axir», — dedi MOQ prezidenti.

Yig‘ilish davomida uzluksiz o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini ko‘proq tashkil qilish, ularning sifatiga e’tibor qaratish, moddiy-texnik bazani yanada mustahkamlash borasidagi masalalar bo‘yicha mutassadilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi. O‘z navbatida federatsiya mas’ullari ham jahon standartlaridan kelib chiqqan holda o‘z taklif va mulohazalarini bildirib o‘tishdi.