O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari 30 may kuni Urganchda bo‘lib o‘tgan qo‘shma komissiya yig‘ilishi doirasida ta’lim, malaka va ilmiy darajalarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu haqda Rossiya Fan va oliy ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Hujjatga O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifati ustidan nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev hamda Rossiya fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Grigoriy Trubnikov imzo chekdi.

Kelishuv ta’lim va fan sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekiston va Rossiyada olingan ta’lim va malaka, ilmiy darajalarni o‘zaro tan olinishini ta’minlash, shuningdek ikki davlat ta’lim va ilmiy muassasalarining o‘zaro aloqalarini faollashtirishga qaratilgan.

Hujjat Rossiya va O‘zbekiston OTMlari bitiruvchilariga har ikki davlatning birida ta’limni davom ettirish va ishlashga imkon yaratadi.

«Ayni vaqtda Rossiya OTMlarining O‘zbekistondagi filiallarida ta’lim olgan talabalar diplomlarni tan olish bo‘yicha uzoq jarayonlardan o‘tishga majbur bo‘lmoqda. Shuning uchun kelishuvning imzolanishi — juda muhim qadam, aloqalarimizdagi yutuqlardan biridir. Ishonamanki, OTMlar o‘rtasidagi almashinuv, O‘zbekistondagi filiallarimizda ta’lim oluvchilar soni ortadi, o‘zbek universitetlari Rossiya universitetlari tadqiqotlarida yanada faol ishtirok etadi», — dedi Grigoriy Trubnikov.