31 mart kuni ertalab O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida quroldan foydalanish holati sodir bo‘ldi. O‘zbekiston fuqarosi jarohatlandi, deya xabar qildi AKIpress agentligi Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati ma’lumotiga tayangan holda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, juma kuni O‘sh viloyati Aravon tumani Tog‘uz Bulaq hududida chegara yaqinida O‘zbekiston davlat raqamidagi ikki avtomobil aniqlangan. Avtomobillar chegarachilar talablariga bo‘ysunmagan.

Chegara naryadi havoga ogohlantiruvchi o‘q uzgan, biroq avtomobillar harakatda davom etgan va Qirg‘iziston chegarachilari «avtotransport g‘ildiraklariga o‘q uzgan», natijada bir nafar O‘zbekiston fuqarosi jarohatlandi, deyiladi xabarda.

Jarohat olgan shaxs Andijon viloyati Marhamat tuman shifoxonasiga yotqizilgan.

«Mazkur hodisa yuzasidan zudlik bilan Qirg‘iziston Respublikasi Davlat chegara xizmati raisi O‘zbekiston Respublikasi DXX raisi o‘rinbosari — DXX chegara qo‘shinlari qo‘mondoni bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat jarayonida chegara mahkamalari birgalikda o‘rganish uchun hodisa joyiga chegara vakillarini yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi», — deyiladi xabarda.

Vaziyatga oydinlik kiritish uchun Qirg‘izistonning O‘sh viloyati bo‘yicha chegara vakillari O‘zbekiston DXXning Buloqboshi yo‘nalishidagi chegara qo‘shinlari vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston DXX davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasi hodisa bo‘yicha izoh bermadi.