O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni Gruziya, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Koreya Respublikasining mamlakatdagi favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Zurab Abdushelishvili, Deniyel Rozenblyum va Kan Chje Kvondan ishonch yorliqlarini qabul qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

O‘zbekiston bilan Gruziya o‘rtasidagi, avvalo siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlar rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Keyingi yillarda parlamentlararo aloqalar ham faollashdi. Gruziya bilan tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, sanoat, transport, logistika va turizm sohalarida kooperatsiyani kuchaytirishga qaratilgan aniq loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlarining do‘stlik va har tomonlama hamkorlik ruhidagi ikki tomonlama munosabatlarida yuksak darajaga erishilganini yuqori baholadi. O‘tgan yil may oyida AQSHga amalga oshirilgan oliy darajadagi tarixiy tashrif mamlakatlar strategik sherikligida yangi bosqichni boshlab berdi.

Bugun barcha darajalardagi muloqot va almashinuvlar faollashgani kuzatilmoqda. AQSH savdo vaziri Uilbur Ross, kongressmenlar Trent Kelli va Visente Gonsales, Missisipi shtati gubernatori Filipp Brayant va boshqalar boshchiligidagi yuqori darajadagi delegatsiyalarning mamlakatga tashriflari samarali bo‘ldi.
Amerikaning yetakchi kompaniya va banklari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik kengaymoqda, madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanmoqda, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlarini ta’minlash sohasida, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqot amalga oshirilmoqda.

Davlat rahbari Koreya Respublikasi bilan munosabatlarda alohida strategik sheriklikka erishilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje Inning o‘tgan oyda O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuksak bosqichga olib chiqib, ularni yangi amaliy mazmun bilan boyitdi.

O‘zbekiston Koreya Respublikasi rahbariyatining Koreya yarimorolida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash borasidagi izchil siyosatini qat’iy qo‘llab-quvvatlayotgani ta’kidlandi.
Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, innovatsiya va investitsiyalar, transport va kommunikatsiyalar, infratuzilmani modernizatsiya qilish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma dastur va loyihalarni o‘z vaqtida tayyorlash va sifatli ro‘yobga chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Prezident yangi tayinlangan elchilar faol diplomatik faoliyati bilan mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishlariga ishonch bildirdi.

O‘z navbatida, favqulodda va muxtor elchilar davlat rahbariga samimiy qabul uchun yana bir bor minnatdorlik bildirib, mamlakatlar va xalqlar farovonligi yo‘lida samarali davlatlararo munosabatlarni izchil rivojlantirishga bor kuch-g‘ayratini safarbar qilishini qayd etdilar.