YUNISEF Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidagi o‘zbekistonlik bolalarning Vatanga qaytarilganini olqishladi. 30 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bo‘yicha 159 nafar fuqaro, asosan bolalar va ayollar maxsus aviareys bilan Damashqdan Toshkentga olib kelindi.

«YUNISEF O‘zbekiston hukumatining ushbu mamlakat fuqarolari hisoblangan yoki uning fuqarolaridan dunyoga kelgan bolalar uchun javobgarlikni zimmasiga olgani va bolalarning fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralarni amalga oshirishdagi qat’iyatini olqishlaydi», — YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann so‘zlaridan iqtibos keltirdi «Dunyo» AA. — Bolaga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan, jumladan uning repatriatsiyasi haqidagi har qanday qaror, har doim bola manfaatlariga oid tariflarga asoslanishi lozim".

U bola huquqlari va baxtu saodatini himoya qiluvchi xalqaro huquqiy standartlar, jumladan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya, Voyaga yetmaganlarni sud qilish bo‘yicha Pekin qoidalari va ozodlikdan mahrum etilgan voyaga yetmaganlarga taalluqli Gavana qoidalariga muvofiq kelishi lozim.

Sasha Graumann ushbu bolalarning aksariyati to‘qnashuvlar hududida dunyoga kelgani yoki u yerlarga ota-onalari bilan borib qolganini ta’kidlab o‘tdi. Ularning barchasi og‘ir fojiali holatlar hamda ular huquqlarining qo‘pol tarzda buzilishi qurbonlaridir. Qurolli to‘qnashuvlar zonasidan qaytgan bolalar, ehtimol, qo‘rqinchli manzaralar guvohi bo‘lgan yoki zo‘ravonlik harakatlarini majburan amalga oshirgan bo‘lishi mumkin. Ko‘plab bolalar ixtisoslashgan psixosotsial konsultatsiyaga muxtoj.

«Ushbularni hisobga olib, YUNISEF muqaddam qurolli guruhlar bilan aloqada bo‘lgan yoki ular nazorati ostida bo‘lgan bolalar muammolarini hal etishda O‘zbekistonga yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi taklifni tasdiqlaydi», — dedi YUNISEF vakolatxonasi rahbari.

«Biz ushbu bolalarga xalqaro standartlar va eng yaxshi tajribalar asosida munosabatda bo‘linishini ta’minlash uchun psixosotsial yordam va reintegratsiya bo‘yicha xizmatlarni taqdim etishga tayyormiz. Biz YUNISEF Iroq va Suriyada aniqlagan hamda daxshatli sharoitlarda qolayotgan o‘zbekistonlik bolalar bilan bog‘liq vaziyatda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyormiz», — deya qo‘shimcha qildi u.