2019 yil 28 may kuni «Respublika hududlarida tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq, respublikada tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan majmualar yaratiladi.

Mazkur majmualar «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasiga a’zo korxonalarga yoki tikuv-trikotajga ixtisoslashgan tadbirkorlarga 5 yilga, 10 foizdan oshmagan stavkada lizing asosida yoki sotib olish sharti bilan ijaraga beriladi.

Tijorat banklari majmualarda tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishni mablag‘ bilan ta’minlash uchun qisqa muddatli kreditlar ajratadi.

Shuningdek, majmualarda amalga oshiriladigan loyihalar 2022 yil 1 yanvargacha quyidagilardan ozod etildi:

tayyor tikuv-trikotaj majmualari ijaraga berilgan kungacha foyda va mol-mulk solig‘idan;

respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, qurilish materiallari uchun bojxona to‘lovlaridan.

«O‘zpaxtasanoat» AJga tarkibiga kiruvchi tikuv-trikotaj korxonalariga birja orqali paxtani sotib olish huquqi berildi.

Majmualarda amalga oshiriladigan loyihalar hisobidan jami 80 ming 880 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.