O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidagi 159 nafar fuqaro, asosan bolalar va ayollarning Vatanga qaytarilishi yuzasidan bayonot berdi.

«Ushbu gumanitar amaliyot inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi asosiy xalqaro hujjatlarga to‘liq rioya etgan holda, shuningdek, xalqaro gumanitar huquqning me’yor va tamoyillaridan kelib chiqib amalga oshirildi. Xorijiy jangari-terroristlarlar bilan aloqador hamda terrorizm qurbonlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan ayollar va bolalarga yordam ko‘rsatish muhimligi BMT Xavfsizlik kengashining 2396-rezolyutsiyasi bilan tasdiqlangan», — deyiladi bayonotda.

«Og‘ir hayotiy davrni boshdan o‘tkazib, Vatanga qaytgan hamyurtlarimizga O‘zbekiston hukumati reabilitatsiya va jamiyatga qayta moslashishlari uchun har tomonlama yordam ko‘rsatadi. Ularning tibbiy yordam va psixosotsial ko‘makdan foydalanishlari, ta’lim va boshqa ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari ta’minlanadi. Qutqarilgan vatandoshlarimizning tinch hayotga qaytishlari uchun, xususan ularni tegishli boshpana va ish o‘rni bilan ta’minlash borasida zarur sharoitlar yaratiladi», — deya qayd etildi bayonotda.

Barcha musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyida fuqarolarimizni qutqarish bo‘yicha muvaffaqiyatli amalga oshirilgan gumanitar missiya O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, maxsus xizmatlari va boshqa idoralarining muvofiqlashtirilgan harakatlari samarasidir. Qator xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasi va YUNISEF tomonidan muhim ko‘mak ko‘rsatildi. O‘zbekiston tomoni mazkur tadbirda ishtirok etgan barcha hamkorlariga fuqarolarimizning Vatanga eson-omon qaytarishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik izhor etadi", — deya qayd etdi TIV.

«Turli sabablarga ko‘ra begona yurtlarda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarimizga ularning barchasi O‘zbekiston Respublikasi himoyasida ekanliklarini, davlat ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha choralarni qo‘llashini ma’lum qilishni muhim deb hisoblaymiz», — deyiladi bayonotda.