2019 yil 27 may kuni Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida mahsulotlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda xalqaro standartlar talablariga asoslangan mahsulotlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimi joriy etiladi.

Mahsulotlarni ekologik markirovkalash akkreditatsiyadan o‘tkazilgan ekologik markirovkalash organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Ishlab chiqarish, foydalanish, iste’mol qilish, tashish, saqlash va utilizatsiya qilishda atrof-muhitga, aholi sog‘lig‘iga va biologik resurslarga eng kam zararli ta’sir ko‘rsatadigan mahsulotlar ekologik markirovkalash ob’ekti hisoblanadi.

Ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash to‘g‘risida sertifikat olingandan keyin o‘z mahsulotlarini ixtiyoriy asosda ekologik xavfsizlik belgisi bilan markirovkalaydilar.

Sertifikat mavjud bo‘lmagan taqdirda mahsulot nomida, o‘ramida, tovarga ilova qilinadigan hujjatlarda va mahsulotni reklama qilishda «eko» va «eko» so‘zlaridan foydalanish taqiqlanadi.

Dori vositalari, veterinariya preparatlari, tibbiy buyumlar, tarkibida zaharli, mutagen, kanserogen, atrof-muhit uchun xavfli deb tasniflangan moddalar, preparatlar va aralashmalar mavjud bo‘lgan tovarlar ixtiyoriy ekologik markirovkalanmaydi.

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mahsulotlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash sohasida ishlarni tashkil etish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.

Qaror bilan O‘zbekistonda mahsulotlarni ixtiyoriy markirovkalash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.