O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 may kuni ««Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan Baxt shahridagi o‘g‘il bolalar maxsus kolleji, Qo‘qon shahridagi qizlar maxsus yengil sanoat kolleji, Samarqand shahridagi 64-sonli o‘g‘il bolalar maktab-internati va Chinoz tumanidagi 5-sonli qiz bolalar maktab-internatining negizida O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi huzurida Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi hamda Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi tashkil etildi.

Ushbu muassasalar faoliyati bir necha marta tanqid ostiga olingan edi. O‘qitishning ta’lim standartlariga mos kelmasligi, bolalarga nisbatan o‘ta qo‘pol munosabat, zo‘ravonlik, o‘g‘irlik va boshqa qonunbuzarliklar to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Qarorda qayd etilishicha, voyaga yetmaganlarni ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirishda ularning ijtimoiy holati, shaxsiy xislatlari, sodir etgan qilmishining xavflilik darajasini to‘liq va to‘g‘ri baholash dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

«O‘zbekiston 24» telekanaliging xabar qilishicha, 2016−2018 yillarda ushbu muassasalarga yuborilgan 1420 nafar bolaning faqat 1,3 foizigina jinoyat sodir etgan, 4,4 foizi ma’muriy huquqbuzarliklarga qo‘l urgan. 68,9 foiz bolalar va qizlar nazoratsiz qolgani uchun bu yerga yuborilgan. 25,4 foizi jamiyatga katta xavf tug‘dirmaydigan harakatlarni sodir etgan.

To‘rtta muassasada jami bo‘lib 506 nafar voyaga yetmagan bola tarbiyalanmoqda. Ulardan 110 nafar o‘g‘il bola — Samarqandda, 122 bola — Baxtdagi kollejda, 40 nafar qiz — Chinozdagi maktabda va 234 nafar qiz — Qo‘qondagi kollejda.

2016−2018 yillarda ushbu muassasalarning 65,8 foiz bitiruvchilari ichki ishlar organlarida profilaktika ro‘yxatiga kiritilgan, 3,6 foizi jinoyat sodir etgan.

Prezident qarori bilan Baxtdagi Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi Milliy gvardiyaga, Chinozdagi Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi esa Ichki ishlar vazirligiga biriktirildi.

Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi tegishincha Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi hamda Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasining o‘z vaqtida to‘liq ta’minoti va maishiy shart-sharoitlari yaxshilanishiga ko‘maklashish, ushbu muassasalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning zamonaviy usul va shakllaridan foydalanilgan holda sog‘lom va jismonan baquvvat, ruhan tetik, bilimli, vatanparvar, fidoyi, dunyoqarashi keng yoshlarni shakllantirish, tarbiyalanuvchilarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga mas’ul etib belgilandi. Xalq ta’limi vazirligi Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarida sifatli tarbiya va ta’lim jarayonini yo‘lga qo‘yish, tarbiyalanuvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning intellektual, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga mas’ul hisoblanadi.

Qaror bilan Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga 14 yoshga to‘lgan va 18 yoshdan oshmagan voyaga yetmaganlar joylashtiriladi.

Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga quyidagilar:

  • ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan, lekin jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo‘lgan yoshga to‘lmagan yoxud ruhiy kasallik bilan bog‘liq bo‘lmagan holda rivojlanishda o‘z yoshiga nisbatan orqada qolishi oqibatida sodir etgan qilmishining ahamiyatini to‘liq anglab yetishga qodir bo‘lmagan;
  • aybliligi to‘g‘risidagi masala hal qilinmay turib jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan, materiallar voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyaga ko‘rib chiqish uchun topshirilgan bo‘lsa;
  • Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirish tariqasidagi majburlov chorasi qo‘llanilgan holda jinoiy jazodan ozod qilingan voyaga yetmaganlar;
  • yakka tartibdagi profilaktika ishi olib borilayotganligiga qaramay muntazam ravishda huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir qilishni davom ettirayotgan voyaga yetmaganlar sud qarori asosida joylashtiriladi.

Qo‘qondagi kollej va Samarqanddagi maktabda voyaga yetmaganlarni qabul qilish to‘xtatiladi, biroq ularda tarbiyalanayotgan voyaga yetmaganlar o‘qishni ushbu muassasalarda belgilangan tartibda tugatadi.

Respublika o‘quv-tarbiya muassasalaridagi guruhlar va sinflarda o‘quvchilar bilan to‘ldirilish 15−20 nafar etib belgilanadi, istisno tariqasida tegishli moliya organlari bilan kelishilgan holda ushbu muassasalarda o‘quvchilar sonidan qat’iy nazar sinflar ochishga ruxsat etiladi

Endilikda ota-ona yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslar nazoratisiz va qarovsiz qolgan, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan oilalarda yashayotgan, shuningdek, davlat va jamoatchilik yordamiga muhtoj bo‘lgan boshqa voyaga yetmaganlar ularning xulq-atvori, psixologik portreti, yoshi, iqtidori, qobiliyati, qiziqishlari va boshqa omillarni inobatga olgan holda voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiya tavsiyasiga asosan tegishli vazirlik va idoralar qarorlari (yo‘llanmalari) asosida o‘quv yili davomida ilovadagi vazirlik va idoralar tasarrufidagi umumta’lim yoki ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga joylashtiriladi.

Qaror bilan bunday muassasalar ro‘yxati belgilab berildi. Ularning 134 ta XTV, 28 tasi — Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, 3 tasi — Madaniyat vazirligi, 3 tasi — Mudofaa vazirligi, 1 tasi — Milliy gvardiya va 14 tasi — Futbol assotsiatsiyasi ixtiyorida bo‘ladi.

Muassasalarga yuborilayotgan voyaga yetmaganlar ta’til vaqtida agar ularning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga qaytarish imkoni bo‘lmasa Muassasalarda o‘quv jarayoni boshlangunga qadar tuman (shahar) hokimining qarori asosida tegishli xalq ta’limi organining yo‘llanmasi bo‘yicha vaqtincha «Mehribonlik» uylarida tarbiyalanadilar.

tasarrufida umumta’lim yoki ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar tavsiyasiga asosan yuborilayotgan voyaga yetmaganlarni muassasalarga istisno tariqasida bepul asosda, sinovlarsiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qiladi.

Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar tavsiyasiga asosan qabul qilingan har bir voyaga yetmagan uchun alohida murabbiy biriktiradi va uning ta’lim-tarbiyasini doimiy ravishda nazorat qiladi, ularni muassasalarni bitirgandan keyin ish bilan ta’minlashda ko‘maklashadi.

Ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari ko‘pi bilan 45 kun muddatda voyaga yetmaganni muassasaga yoki respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirishning maqsadga muvofiqligi haqida voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyaga xulosa taqdim etadi.

1 sentyabrdan boshlab ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari, shu jumladan, tarbiyachilar va tarbiyachi yordamchilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun bazaviy tarif stavkasining 75 foizi miqdorida har oylik ustama haqi to‘lanadi.

Xalq ta’limi vazirligiga respublika o‘quv-tarbiya muassasalarining o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqish, ularga joylashtirilayotgan bolalarning ehtiyojlari va muammolari turidan kelib chiqqan holda yakka tartibdagi reabilitatsiya dasturlarini (hayotiy ko‘nikmalarga o‘rgatish, giyohvandlik va alkogol vositalarga qaramlikdan davolash, ruhiy jarohat asoratlari bilan ishlash va boshqa dasturlar) ishlab chiqish hamda to‘garaklar faoliyatini kengaytirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Respublika o‘quv-tarbiya muassasalari shtatlar jadvallariga tugatilayotgan ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari shtatlari hisobiga yangi tashkil etilayotgan Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarida har 20 nafar tarbiyalanuvchiga bir nafar psixolog, shuningdek, Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasiga bir nafar shifokor-ginekolog shtat birliklari ajratiladi.

Respublika o‘quv-tarbiya muassasalari keng dunyoqarash va yuqori malakaga ega o‘qituvchilar, tarbiyachilar va psixologlardan iborat tarkibda shakllantirish hamda zaruratga qarab yangi shtatlar joriy etish belgilandi. Ular zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va badiiy adabiyotlar, davriy jurnallar bilan ta’minlanadi, axborot-resurs markazlari fondlari muntazam ravishda yangilab boriladi.

Respublika o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari oilasi bilan aloqada bo‘lishi hamda ular bilan uchrashishi uchun zarur aloqa vositalari va boshqa jihozlar bilan ta’minlangan alohida xonalar ajratiladi, muassasalar «ZiyoNET» ta’lim tarmog‘iga ulanadi.

Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarining hududlari va xonalari O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan videokuzatuv kameralari bilan jihozlanadi, ularning texnik sozligi va uzluksiz ishlashi, shuningdek, videoyozuvlar maxsus arxivda kamida bir yil davomida saqlanishi ta’minlanadi.

Tarbiyalanuvchilar duch keladigan muammolarni muhokama qilish, ularning yechimini topish va tarbiyalanuvchilarning huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan «case-study», guruhlarda ishlash, bahs-munozaralar, situatsion o‘yinlar, aqliy hujum kabi ilg‘or interaktiv o‘qitish usullari o‘quv-tarbiya jarayoniga keng joriy etiladi.

Tarbiyalanuvchilarda mehnat ko‘nikmalari va mustaqil ijodiy fikrlash qobiliyatini shakllantirish, ularni kasbga yo‘naltirish va bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish maqsadida tarbiyalanuvchilar Respublika o‘quv-tarbiya muassasasida bo‘lgan davr mobaynida kasbga o‘rgatish bo‘yicha amaliy mehnat mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.

Taniqli fan, madaniyat, san’at va adabiyot, din arboblari, turli sohalarning ilg‘or mutaxassislari ishtirokida har uch oyda kamida bir marta tarbiyalanuvchilarda yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish va mustahkamlash, ularni halollik va odob-axloq ruhida tarbiyalashga qaratilgan uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etiladi.

Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019 yil davomida:

  • ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridagi tarbiyalanuvchilar bilan individual ravishda suhbatlar o‘tkazish asosida ularni toifalarga ajratgan holda ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga qaytarish, vasiy yoki homiy tayinlash, joylashtirishning boshqa shakllarini qo‘llash, shuningdek, muassasalarga joylashtirish choralarini ko‘rish;
  • manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari va ularning oilasidagi ahvolni har tomonlama o‘rganish va baholash, tarbiyalanuvchilar ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytgandan so‘ng ularni o‘qishga joylashtirish, ijtimoiy moslashuvi hamda oilasidagi muammolarni tezkorlik bilan hal etish, ota-onalari va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning salohiyatini oshirish, ularning bandligini ta’minlash, moddiy va boshqa yordamlar ko‘rsatish choralarini ko‘rish topshirildi.

Oliy Majlis Senatining tegishli qo‘mitasi va xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi hamda xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining qo‘shma majlislarida har yili bir marotaba tegishli Respublika o‘quv-tarbiya muassasalaridagi o‘quv-tarbiya jarayonlarini muhokama qilish, ushbu muassasa rahbarlarining hisobotlarini eshitadi.

Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga tarbiyalanuvchiarni manzilli qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligini ta’minlashda ko‘maklashish topshirildi.