Majburiy ijro byurosi (MIB) Caravan Group restoranlar tarmog‘iga tegishli mol-mulklarning auksionga qo‘yilgani yuzasidan izoh berdi.

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining (2018 yil 20 noyabr, 2019 yil 16 yanvar, 28 yanvar va 5 martdagi) qarorlariga asosan qarzdor «Kreative Studio Caravan» MChJ, «Protekt Konsalt» MChJ, «Caravan Group» MChJ va «Karavan Art» MCHJdan AT «Asakabank» foydasiga jami 15,5 mlrd so‘m, ATB «Kapital bank» foydasiga 3,7 mlrd so‘m va davlat foydasiga 77,2 mln so‘m undirish belgilangan.

Kredit qarzdorligi bo‘yicha undiruv jami bahosi 21,6 mlrd so‘mga teng garovda bo‘lgan: Mirzo Ulug‘bek tumani, Sho‘rtepa ko‘chasi 253-uy, Yakkasaroy tumani A.Qaxxor ko‘chasi 25-uy, Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Xo‘jakent mavzesi hamda Xo‘jakent QFY xududida joylashgan bino-inshootlarga qaratilgan.

MIBning qayd etishicha, ijro hujjatlari bo‘yicha tegishli tartibda ijro ishlari qo‘zg‘atilib, qarzdor korxonalarga ijro hujjati talablarini bajarish uchun 15 kungacha bo‘lgan ixtiyoriy muddatlar belgilangan va qaror nusxalari tegishli tartibda korxona rahbarlariga topshirilib, ular xabardor qilingan. Shuningdek, ijro harakatlari haqida shaxsan Timur Musinga (Timur Musin — Caravan Group restoranlar tarmog‘i asoschisi — tahr.) ham MIB xodimlari tomonidan tushuntirish berilgan.

«Qarzdorlar tomonidan ijro hujjatlari talablari ixtiyoriy bajarilmaganligi sababli davlat ijrochisi tomonidan majburiy ijro harakatlari olib borilgan. Qarzdor korxona rahbarining Byuro xodimlari harakatlariga e’tiroz bildirishi o‘rinsiz. Majburiy ijro Byurosi mazkur qarzdor korxonaga nisbatan ijro harakatlarini faqatgina sud qarori ijrosini qat’iy ta’minlash doirasida amalga oshirmoqda», — deyiladi xabarda.

Majburiy ijro harakatlari davomida Yakkasaroy tumani A.Qaxxor ko‘chasi 25-uy (Chelsea ARMS, bahosi 4 mlrd so‘m) hamda Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Xo‘jakent mavzesida joylashgan (Cinara`s, 6 mlrd so‘m) bino inshootlar xatlanib, qarzdor korxona rahbarlariga tegishli tartibda xabarnoma yuborilgan holda 14 may kuni elektron onlayn-auktsion savdolariga chiqarilgan. Ushbu ko‘chmas mulklarning auksion savdolari joriy yilning 13 va 14 iyun kunlari o‘tkazilishi belgilangan.

Sud qarorlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha ijro harakatlari davom ettirilmoqda.

Avvalroq Timur Musin o‘zining Facebook`dagi sahifasida tumanning «sektor guruhi vakillari» restoranlardan biriga kelgani haqida yozgan edi.

Uning ta’kidlashicha, restoranga 9 kishidan iborat guruh kelib, hech narsani tushuntirmasdan, hech qanday hujjatlarni taqdim etmagan holda qo‘pollik bilan binoni bo‘shatishni talab qilgan. Keyinchalik restoranga Yakkasaroy tuman soliq inspeksiyasidan muassasada tekshiruv o‘tkazish uchun vakillar kelganini aniqlaydi.

Davlat soliq qo‘mitasi 30 may kuni Yakkasaroy tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Taslimov ham umumiy ovqatlanish korxonasiga kelgan ishchi guruhi tarkibida bo‘lganini ma’lum qildi.

«Tarkibida Yakkasaroy tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Taslimov ham jalb etilgan umumiy ovqatlanish ob’ektiga tashrif buyurgan Ishchi guruhi, hududni yanada obodonlashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun mavjud muammolarni o‘rganish va takliflar olish bo‘yicha tumandagi barcha mahallalarda ish olib bormoqda va tekshirish o‘tkazish vakolatiga ega emas», — deyiladi bayonotda.

DSQ tadbirkorlik sub’ektlarida noqonuniy tekshirishlar o‘tkazish yoki ularning faoliyatiga noqonuniy aralashish holatlari kuzatilgan bo‘lsa, jiddiy chora ko‘rilishi va har bir tadbirkorning huquqlari himoya qilinishini ma’lum qildi.

Timur Musin esa «biznes hamjamiyat, davlat organlari va media sektori o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish uchun» OAV vakillari va blogerlar bilan restoranlar tarmog‘i rahbarlari uchrashuvini o‘tkazish maqsadida ekanini xabar qildi.