2019 yil 29 may kuni soat 19.00larda Samarqand viloyatining Payariq tumanida yashovchi 28 yoshli D.A. boshqaruvidagi «Isuzu» rusumli avtobusni Oqdaryo tumani Mustaqillik MFY hududidan o‘tuvchi «Samarqand-Buxoro» yo‘lining 12-km.da boshqarib ketayotgan vaqtida avtobusda yong‘in sodir bo‘lgan. Bu haqda IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Ko‘rilgan choralar natijasida yong‘in o‘chirilgan. Jarohat olganlar yo‘q. Yong‘in avtobusning elektr simlari qisqa tutashuvi oqibatida kelib chiqqanligi aniqlangan. Keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda. Surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

O‘z navbatida Zarnews.uz sayti Oqdaryo tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i B.Ibragimov bilan holat yuzasidan bog‘langanida, mas’ul shaxs quyidagilarni ma’lum qildi:

Joriy yilning 29 may kuni soat 19:00 da Oqdaryo tumani Mustaqillik mahallasi hududidan o‘tuvchi mazkur avtomobil yo‘lida «Siyovush-trans-servis» mas’uliyati cheklangan jamiyati haydovchisi, 1991 yilda tug‘ilgan, Payariq tumanining Devarak qishlog‘ida yashovchi D.A boshqaruvida bo‘lgan «Isuzu» rusumli, 30749 YAA davlat raqam belgili avtobusda yong‘in sodir bo‘lgan.

Aniqlanishicha, Samarqand tumani Ohaliq mahallasi hududida joylashgan bog‘dorchilik va fermer xo‘jaliklarida yollanma ishchi sifatida ishlovchi 14 nafar fuqarolarni yashash uylari, ya’ni Oqdaryo tumani Yangiobod mahallasiga olib kelayotgan vaqtida avtobusning akkumlyatoridan dvigateliga boruvchi elektr simlari qisqa tutashuvidan yong‘in kelib chiqqan.

Oqibatda, avtobusning ichki saloni va barcha rezina shinalari qisman yonib, zarar ko‘rgan.

Voqea joyiga Payariq tumani 8-sonli KYOXQ va Samarqand shahar 6-sonli HYOXQ larning ikkita ekipajlari o‘t uchiruvchilari chiqib, yong‘inni bartaraf qilgan.

Avtobusda bo‘lgan 14 nafar yo‘lovchilarning hech biri tan jarohati olmagan va haydovchi tomonidan boshqa yo‘lovchi avtomashinalarda manzillariga jo‘natilgan.

Haydovchi D.A.ning haydovchilik guvohnomasi, taloni, transport vositasining qayd etish guvohnomasi, sug‘urta polisi va yo‘l varaqasi yong‘in natijasida yonib ketgan.

Ayni paytda holat yuzasidan Oqdaryo tumani yong‘in xavfsizligi bo‘limi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.