Sport arbitraj sudi (CAS) o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Ruslan Nuriddinov (105 kg gacha) va belaruslik Nikolay Novikovni (85 kg gacha) 2012-yilda Londonda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida antidoping qoidalarini buzganlikda aybdor deb topdi.

Sportchilar noping-namunalarining takroriy tekshiruvi ularning peshobida turinabol mavjudligini ko‘rsatdi. Nikolay Novikov namunasida stanozolol ham aniqlandi. London Olimpiadasida og‘ir atletikachilardan olingan doping-namunalari 2018-yil dekabrida tekshirilganida, ijobiy natija bergan edi.

Og‘ir atletikachilarning Olimpiadada erishgan natijalari, jumladan ballari bekor qilinib, medal va sovrinlari musodara etiladi. Sportchilar ishi keyingi choralarni ko‘rish uchun Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasiga taqdim etildi.

Ruslan Nuriddinov Olimpiada-2012 da 105 kg gacha vaznda to‘rtinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi. U Rio-de-Janeyroda olimpiya chempioni, 2013-yilgi jahon chempionati g‘olibi, 2018-yilgi Osiyo o‘yinlari oltin medal sohibi hamdir.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi 2008, 2012 va 2014-yilgi O‘yinlar ishtirokchilari doping-namunalarini keng miqyosda qayta tekshiruvdan o‘tkazib, bir qancha o‘zbekistonlik sportchilarning antidoping qoidalarini buzganligini aniqladi va ularning olimpiya natijalarini bekor qildi.

Avvalroq 2008 va 2012-yilgi Olimpiya o‘yinlari doping-namunalarini qayta tekshiruvdan o‘tkazgach, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Artur Taymazovni Pekindagi oltin, Soslana Tigiyevani kumush medalidan mahrum etgan edi.