28 may kuni Toshkentda «OAV sohasida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishning dolzarb masalalari» respublika anjumani bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Unda ishtirok etish uchun jurnalistlar, blogerlar, deputatlar, davlat organlari rahbarlari va diplomatlar taklif etildi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan tashkil etilgan anjumandan ko‘zlangan maqsad — hokimiyat ochiqligini ta’minlash va uning OAV bilan aloqalarini yaxshilashdan iborat.

Tadbirda jurnalistlar huquqlarini himoya qilish, aholi va jurnalistlar fikrlari, taklif va tavsiyalarini o‘rganish uchun qayta aloqa kanallarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

«Biz OAVlarimiz haqiqatdan ham hokimiyatning mustaqil tarmog‘iga aylanishi uchun ularni rivojlantirishga harakat qilmoqdamiz», — dedi agentlik direktori Komil Allamjonov kirish so‘zida.

Tadbir ishtirokchilari bugun O‘zbekistonda OAVning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishida va davlat hokimiyati organlari matbuot xizmatlari faoliyatida muammolar mavjudligini qayd etdi.

«Biz mass-media jamiyatda katta rol o‘ynashini hamda davlat va aholi o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarishini tushunib yetishimiz kerak. O‘rtamizdagi aloqalar qancha yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, mamlakat shuncha taraqqiy etadi. Bugun davlat idoralari javobgar bo‘lgan ko‘plab muammolarimiz bor», — dedi agentlik direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva.

«Ayrim davlat organlari saytlariga nazar tashlasak, bir oyda 400, bir yilda esa 3000 mingdan oshiqroq kishi kirganini ko‘ramiz. Bu statistika ish qoniqarsiz olib borilayotganini ko‘rsatadi. Shuning uchun odamlar o‘zlarini qiziqtirgan ma’lumotlarni olish uchun xorij saytlariga kirayotganlarini ko‘rayapmiz. Agarda davlat organi rahbari o‘z faoliyatida muvaffaqiyat qozonishni xohlasa, u mass-media bilan ishlashga diqqat qaratishi kerak», — deya qo‘shimcha qildi Saida Mirziyeyova.

Muammolarni hal etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi: 2019−2020 yillarda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi media-ombudsman lavozimini joriy etishni rejalashtirmoqda, davlat organlarining jamoatchilik bilan aloqalarini yaxshilash sohasidagi qonun loyihasini tayyorlamoqda, Jurnalistlar kasb etikasi kodeksini ishlab chiqmoqda.

Anjumanda Oliy Majlisning Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Ilhom Abdullayev, «Otkrыtыye dannыye» kompaniyasi direktori Andrey Xorsev (Ukraina), EOAVMA raisi Firdavs Abduholiqov, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini v. b. Fuad Pashayev va boshqa spikerlar so‘zga chiqdi.