O‘zbekiston va Germaniya prezidentlarining muzokaralari yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Axborot almashish va uni himoya qilish, parnik gazlari chiqarilishini kamaytirish va iqlim o‘zgarishlariga moslashish, «Volkswagen» kompaniyasi bilan hamkorlikda tijorat avtomobillari ishlab chiqarish to‘g‘risida va boshqa hujjatlar imzolandi.

«Prezidentimiz ushbu kelishuvlar, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan Germaniyaning „Integra GmbH“ va „Vamed Engineering GmbH“ kompaniyalari hamkorligida Toshkent shahrida Yadroviy tibbiyot va nurli terapiya markazini tashkil etish bo‘yicha bitim xalqimiz uchun katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi», — deyiladi xabarda.

Ommaviy axborot vositalari uchun o‘tkazilgan brifingda prezidentlar muzokaralar an’anaviy do‘stlik, ochiqlik va o‘zaro anglashuv ruhida o‘tgani, muhim kelishuvlarga erishilganini qayd etdi.

«Joriy yil yanvar oyida Berlin shahrida o‘tgan uchrashuvimizning mantiqiy davomi bo‘lgan bugungi muzokaralar natijalaridan to‘la mamnunman, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Ikki tomonlama hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlari — siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa ko‘plab sohalarga doir masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston va Germaniya hamkorligining bugungi holati muhokama qilinib, kelgusi ustuvor yo‘nalishlar va vazifalar belgilab olindi».

«O‘zbekistonda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda o‘sish ro‘y berayotganini ko‘ryapmiz va bunga hurmat bilan qaraymiz. Katta delegatsiyadan iborat ushbu tashrifimiz ham hamkorlikni kengaytirishga intilishimiz va qo‘llab-quvvatlashimizdan dalolat beradi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida va Yevropa Ittifoqi doirasidagi aloqalarga doir keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilganimizdan, ularning natijalaridan mamnunmiz», — dedi Frank-Valter Shtaynmayer.

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-madaniy munosabatlar rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan Germaniya tashkilotlari va vakillariga minnatdorlik bildirdi.

GFR prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

Franka-Valter Shtaynmayer 27 may kuni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Germaniya prezidenti saytida e’lon qilingan tashrif dasturiga ko‘ra, Toshkentda u Bakan Tex yigiruv fabrikasi va Gyote institutiga tashrif buyuradi. Keyingi kuni Germaniya prezidenti Xorazm viloyatiga otlanib, Urganch davlat universiteti talabalari bilan uchrashadi va Xivaga tashrif buyuradi.