O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 may kuni tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarini ishga tushirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish — mamlakatimiz iqtisodiy siyosatining muhim yo‘nalishi etib belgilangan. Keyingi yillarda biznes muhitini yaxshilash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish bo‘yicha farmon va qarorlar qabul qilindi. Ruxsat beruvchi hujjatlarni olish tartibi sezilarli darajada soddalashtirildi, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirishlar qisqartirildi. «Har bir oila — tadbirkor», «Yoshlar — kelajagimiz» dasturlari tadbirkorlik istagidagilarni qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lmoqda. Natijada yangi tashkil etilgan sub’ektlar soni 2,3 baravarga ko‘paygani buning tasdig‘idir.

Biroq, joylarda byurokratiya, ta’magirlik va tadbirkor faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlari hali ham uchrab turibdi. Misol uchun, joriy yilning birinchi choragida Prezident Xalq qabulxonalariga tadbirkorlardan 16 mingta murojaat tushgan. Ular asosan yer ajratish, gaz, elektr va suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, kredit, soliq masalalariga taalluqli. Ikki mingga yaqin murojaatda mansabdorlarning xatti-harakatlaridan norozilik bildirilgan.

Bu muammolarni tizimli hal etish, tadbirkorlarga chinakam ko‘mak berish maqsadida joriy yil 14 may kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tashkil etilishi belgilandi.

Yig‘ilishda mazkur qabulxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Prezident Savdo-sanoat palatasi raisi va adliya vaziri rahbarligida Respublika ishchi guruhi tuzib, joylarda tadbirkorlar bilan ochiq, amaliy uchrashuvlar o‘tkazish zarurligini ta’kidladi. Aniqlangan muammolarning hududga taalluqlisi viloyat hokimiga, respublika darajasidagisi esa Bosh vazirga berilishi, ular haftada bir kun qabulxona masalalari bilan shug‘ullanishi ko‘rsatib o‘tildi.

Qayd etilganidek, qabulxonalar ishi uch bosqichda olib boriladi. Avvalo, qabulxonada tasdiqlangan kunlik jadval asosida hokimliklar, Savdo-sanoat palatasi, investitsiya boshqarmasi, prokuratura, adliya, soliq, qurilish, kadastr, bank va boshqa tashkilotlar vakillari tadbirkorlarni qabul qiladi.

O‘z yechimini topmagan murojaatlar viloyat qabulxonalariga yuboriladi. Natija bo‘lmasa, Vazirlar Mahkamasining kotibiyatida Biznes ombudsman, Savdo-sanoat palatasi va vakolatli idoralar ishtirokida ko‘riladi.

Murojaatlar shunda ham o‘z yechimini topmasa, tadbirkorlarni bosh vazirning shaxsan o‘zi qabul qiladi. Bosh vazir qabulxonasi murojaatlarni tahlil qilib, bu borada vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. Prezident Administratsiyasi va Oliy Majlisga tadbirkorlarga sharoitlarni yanada yaxshilash bo‘yicha takliflar kiritadi.

Xorijiy investorlarga ko‘maklashish bosh vazir qabulxonalarining asosiy vazifalaridan biri bo‘ladi. Shu bois ularga xorijiy tillarni biladigan va investorlar bilan ishlash salohiyatiga ega kadrlar ishga olinadi. Investitsiyalarni jalb etishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni monitoring qilish, investorlarning turli idoralardagi muammosini hal qilib berish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Yig‘ilishda sektorlar va davlat idoralari rahbarlari tadbirkorlarga har tomonlama ko‘maklashishi, Xalq deputatlari kengashi majlislarida ularning bu boradagi faoliyati muhokama qilinishi zarurligi ta’kidlandi.

Murojaatlarni ko‘rib chiqishda shaffoflik va tezkorlikni ta’minlash masalasiga ham e’tibor qaratildi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga murojaatlar harakatini nazorat qilishning yagona elektron portalini joriy qilish vazifasi yuklatildi.

Yangi tizimning mazmuni va mohiyatini tadbirkorlarga yetkazish, jumladan, qabulxonalar faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish bo‘yicha ham tavsiyalar berildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar so‘zga chiqdi.