Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi o‘tgan hafta oxirida O‘zbekistondagi yangi loyihani ma’qulladi. Mazkur loyiha bozor iqtisodiyotiga o‘tish, ko‘proq iqtisodiy imkoniyatlar va sifatli ish o‘rinlarini ochishga xizmat qiladi, deya xabar qildi JB matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasi (Jahon banki Guruhi tarkibidagi tashkilot) tomonidan taqdim etilayotgan 33 mln dollar miqdoridagi kredit O‘zbekistonda institutsional salohiyatni rivojlantirish loyihasini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Mazkur loyiha davlat moliyasini boshqarish sohasida mamlakatning davlat byudjetini shakllantirish, investitsiyalar, g‘aznachilik tizimi faoliyati, buxgalterlik hisobi uslublari, ichki nazorat va ichki audit tizimlarini boshqarish jabhalaridagi salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Loyiha davlat korxonalarini boshqarish va nazorat qilish, davlat-xususiy sherikchilik tizimini va ushbu sohadagi qonunchilik bazasini rivojlantirish, shuningdek davlat korxonalarini xususiylashtirishga tayyorlash va DXSH doirasida kelishuvlar mexanizmlarini yaratishga yo‘naltiriladi.

Nihoyat, loyiha 2019 yil yanvarida O‘zbekiston prezidenti huzurida hukumatning iqtisodiy islohotlarini muvofiqlashtirish uchun tashkil etilgan Iqtisodiy kengash faoliyatiga ko‘maklashadi.

Jaho banki O‘zbekistonda umumiy qiymati 3,5 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan 20 ta loyihani amalga oshirib, mamlakat hukumatiga tahliliy va konsultatsion xizmatlarni taqdim etib kelmoqda.